Kosovo va Serbiya chegarasida vaziyat taranglashdi. NATO mojaroga qo‘shilishini bildirdi
Olam
−
01 avgust 2022 15903 3 daqiqa
Kecha, 31 iyul kuni kutilmaganda Serbiya va Kosovo chegarasida keskinlik yuzaga keldi. Kechqurun yuzlab etnik serblar Serbiya chegarasidagi “Yarine” va “Brnyak” nazorat-o‘tkazish punktlari yo‘nalishidagi yo‘llarda yuk mashinalari, neft sisternalari bo‘lgan yuk mashinalari va boshqa og‘ir transport vositalarini to‘xtatib, transport harakatini to‘sib qo‘ydi. Ko‘p sonli mahalliy serblar u yerda qolish niyatida barrikadalar atrofida to‘planishdi.
Kosovo Bosh vaziri Albin Kurti mintaqadagi vaziyatning keskinlashuviga Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich aybdor ekanini aytib chiqdi. Uning fikricha, chegarada avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘yish rejali harakatdir.
Kosovo ma’muriyati rahbari uning Kosovo shimolida yashovchi serblarga Serbiyada berilgan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamlarini Kosovonikiga almashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i Kosovodan Serbiyaga kirayotgan fuqarolarga xuddi shunday talab qo‘ygan Belgradning harakatlariga javob bo‘lganini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich yakshanba kuni Kosovodagi vaziyat serbiya va Kosovoda yashovchi etnik serblar uchun hech qachon hozirgidek “qiyin” bo‘lmaganini aytdi.
“Atmosfera o‘zining buzilish nuqtasiga yetdi”, degan Vuchich.
U agar serblar hujumga uchrasa, “Serbiya g‘alaba qozonadi” deb ogohlantirgan.
Kurti esa Vuchichni “tartibsizliklarni” qo‘zg‘atganlikda aybladi.
“Keyingi soatlar, kunlar va haftalar qiyin va muammoli bo‘lishi mumkin”, deb yozgan siyosatchi Facebook’da.
Kosovo hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar (KFOR) Kosovo barqarorligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda Belgrad va Prishtina o‘rtasidagi chegara mojarosiga aralashishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda tashkilot 31 iyul kuni Twitter’da ma’lum qildi.
“KFOR Kosovo shimolidagi barqarorlikka tahdid soladigan bo‘lsa, aralashishga tayyor”, deyiladi xabarda.
KFOR’da ta’kidlanishicha, Kosovo shimolidagi munitsipalitetlarda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda, ammo KFOR doimiy ravishda kuzatib boradi va BMTning 1999 yildagi 1244-sonli qarori doirasida aralashishga tayyor.
“Bizning NATO boshchiligidagi KFOR missiyamiz butun e’tiborini butun Kosovo aholisi uchun xavfsiz muhit va harakat erkinligini ta’minlash bo‘yicha BMT mandatini har kuni amalga oshirishga qaratgan”, deyiladi bayonotda.
Rasmiy Prishtina Kosovo hukumatining Serbiya fuqarolari mintaqaga kirishda olishlari kerak bo‘lgan vaqtinchalik hujjatlarni joriy etish, shuningdek, avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va Kosovo shimolida yashovchi serblarga berilgan davlat raqamlarini almashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajarishni 1 sentyabrgacha qoldirmoqda. Bunday bayonotni 1-avgustga o‘tar kechasi Kosovo Bosh vaziri Albin Kurti e’lon qilib, harakat erkinligini tashkil qilish uchun Kosovo shimolidagi barrikadalarni olib tashlash kerakligini ta’kidladi.
“Kosovo hukumati 2022 yil 1 avgust kunidan boshlab shimolda barcha barrikadalar olib tashlansa va to‘liq harakat erkinligi o‘rnatilsa, 2022 yil 29 iyundagi ikkita qaror ijrosini 2022 yil 1 sentyabrga ko‘chirish majburiyatini oladi”, deyiladi Albin Kurti Twitter’da chop etgan press-relizda.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Kosovo ma’muriyatining Serbiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarni Prishtinada berilgan yangi davlat raqamlari uchun majburiy qayta ro‘yxatdan o‘tkazish rejasini amalga oshirishni 1 sentyabrgacha kechiktirish qarorini olqishladi.
“Biz barcha to‘siqlar zudlik bilan olib tashlanishini kutamiz”, deb yozgan Borrel o‘zining Twitter sahifasida.
Shuningdek u ochiq masalalarni Yevropa Ittifoqi vositachiligida muloqot yo‘li bilan hamda Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama normallashtirish maqsadida hal qilish kerakligini urg‘ulagan.
Mintaqadagi vaziyatning jiddiy keskinlashuvi oxirgi marta 2021 yilning sentyabrida kuzatilgan, o‘shanda yuzlab etnik serblar har kuni norozilik namoyishlari o‘tkazib, ikkita chegara o‘tish joyida transport harakatini to‘sib qo‘ygan edi.
Live
Barchasi