Xorvatiya Shengen hududiga qo‘shildi
Olam
−
03 yanvar 2023 5572 1 daqiqa
Xorvatiya 2023 yil 1 yanvardan boshlab Shengen hududiga qo‘shildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi kengashi o‘z saytida xabar berdi.
Qayd etilishicha, qaror Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ovoz berganidan so‘ng qabul qilingan.
Shuningdek, 1 yanvardan boshlab Xorvatiya va Shengen zonasining boshqa mamlakatlari o‘rtasida quruqlik va dengiz chegaralarini kesib o‘tish vaqtida tekshiruvlar bekor qilinadi.
26 martdan ichki havo chegaralarida tekshiruvlar bekor qilinadi.
Bundan tashqari, Xorvatiya Shengen vizalari berish va Shengen mamlakatlarida qolish qoidalarini buzgan xorijliklarning ma’lumotlarini yig‘uvchi Shengen axborot tizimidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikki hafta davomida milliy valyuta – kuna va yevrodan parallel ravishda mamlakat hududida foydalanish mumkin. Kuna 1994 yildan beri muomalada bo‘lgan. Yevropa valyutasi anchadan beri bu mamlakatda muomalada bo‘lgan, undan eng ko‘p mulk va avtomobil sotuvida foydalanilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 3,9 million aholisi bo‘lgan Xorvatiya Yevropa Ittifoqiga 2013 yil 1 iyulda a’zo bo‘lgan edi. Oradan qariyb o‘n yil o‘tgach, u Shengen zonasi va yevrozonaga qo‘shildi. Shunday qilib, Shengen hududidagi a’zolar soni 27 ga yetdi.
Sohiba Komilovna
Live
Barchasi