Kanning “Oltin palma yaprog‘i” yashirincha suratga olingan filmga berildi
Madaniyat-san’at
−
26 may 2025 4865 2 daqiqa
Joriy yilning 24 may kuni Kann kinofestivalining g‘oliblari aniqlandi va asosiy mukofot – “Oltin palma yaprog‘i” eronlik rejissyor Jafar Panohining “Oddiy tasodif” nomli filmiga berildi. Bu haqda “France24” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Panohi festivalga 22 yillik tanaffusdan so‘ng qaytishga muvaffaq bo‘lgan. U Erondan chiqish huquqidan yillar davomida mahrum etilgan va bir necha bor qamoq jazosiga hukm qilingan.
“Variety”ning yozishicha, ushbu filmda Panohi Eron rejimining ochiq tanqidchisiga aylangan, holbuki avvalgi asarlarida u ko‘proq bosiq insonparvar sifatida chiqish qilgan. Festival saytida berilgan ta’rifda “Oddiy tasodif” filmida rejissyor “ozodligi uchun kurashayotgan Eron xalqini ko‘rsatadi hamda cheklovlar ostidagi jamiyatda erkaklar va ayollarning isyon kuchini ochiq namoyon etadi”, deyiladi.

“The Hollywood Reporter”ga ko‘ra, film yashirincha suratga olingan, xuddi Panohining boshqa asarlari kabi. Syujet rejissyorning qamoqda boshidan o‘tgan tajribalariga asoslangan.
Ma’lumot uchun, 2010 yilda Panohi “davlatga qarshi targ‘ibot”da ayblanib, olti yilga qamalgan va 20 yilga Erondan chiqish va film suratga olish huquqidan mahrum etilgan. Hozirda bu cheklovlar bekor qilingan.
“Kasbiy jihatdan menga endi ilgari bo‘lgani kabi ishlash taqiqlanmagan. Lekin Eronda rasmiy film suratga olish uchun ssenariyni Islomiy ma’rifat vazirligiga topshirib, tasdiqlatish kerak. Men buni qila olmayman. Bu odamlar kimligini ham, ular nima asosda men qilayotgan ishga baho berish huquqiga ega ekanini ham tushunmayman. Men bu tizimda ishlashni ma’qul ko‘rmayman. Shu sabab film uchun ruxsat olishga urinmadim”, deya bayonot bergan u “The Hollywood Reporter”ga.
Festival Gran-prisi rejissyor Yoakim Triyerning “Hissiy qiymat” filmiga topshirilgan. Eng yaxshi rejissyor sifatida “Maxfiy agent” filmi uchun Kleber Mendonsa Filo, eng yaxshi aktyor sifatida esa shu filmda rol ijro etgan Vagner Moura tan olingan. Eng yaxshi aktrisa mukofoti esa “Kichik Derner” filmida rol o‘ynagan Nadya Mellitiga nasib etgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida AQSHning Los-Anjeles shahrida Amerika kinematografiya san’ati va fanlari akademiyasining 97-“Oskar” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unda o‘zbekistonlik fohisha qiz haqida ekani iddao qilingan “Anora” filmi g‘olib deb topilgan.
Live
Barchasi