Qo‘qonda ayollar gaz va “svet” so‘rab, katta yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Hokimlik munosabat bildirdi
Jamiyat
−
29 dekabr 2020
9109Kecha, 28 dekabr tongda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh ayollar Qo‘qon shahri hokimligi yonida gaz va elektr energiyasi talab qilib, avtomobillar yo‘lini to‘sgani aks etgan video tarqaldi. Voqea bo‘yicha Qo‘qon shahar hokiimligi o‘z munosabatini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘qon shahar hokimligiga 5-“Vaqf chorsu” mahallasidan tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha murojaat bilan kelgan fuqarolarning masalasi Qo‘qon shahar hokimi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joyida borib o‘rganilgan.
Fuqarolarga Qo‘qon shahri aholisi, shu jumladan, 5-“Vaqf chorsu” hududida yashaydigan fuqarolarni xonadonlarida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida yangi gaz taqsimlash stansiyasi barpo etilayotgani va yil ohirigacha foydalanishga topshirilishi tushuntirilgan.
“Tez kunlarda ishga tushadigan yangi GTS yuqori bosimli quvurdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy gaz qabul qilish imkonini beradi. Natijada 5-“Vaqf chorsu“ mahallasida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, mahalla fuqarolari xonadonlarini isitish uchun arzon narxlarda ko‘mir va xo‘jalik yumushlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda, bu ishlarning olib borilishi alohida nazoratga olingan.
Bir guruh ayollar tomonidan bildirilgan norozilik harakatlari jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videoni suratga olayotgan ayol gaz-svet yo‘qligidan to‘yib ketgani haqida gapirgan.
“Hokimiyat atrofida yashovchi ayollar hokimiyat binosi oldidagi yo‘lni to‘sishyapti. Chunki uylarida gaz ham, svet ham yo‘q. Mutasaddi xodimlarni bir necha marta chaqirdik, lekin ular bizni eshitishni istamadi. Gaz-svet yo‘qligidan to‘yib ketdik haqiqatan ham”, deydi holatni videoga olgan ayol.
Shuningdek, u holatni videoga olar ekan, yo‘ldagi avtomobil haydovchilariga qarata “Urib ketishingiz mumkin, bemalol. To‘yib ketganmiz, baribir uy sovuq”, deganini eshitish mumkin.