Qozog‘istondan 2023 yilda 300 ming tonna neft va neft mahsulotlari import qilinadi
Jamiyat
−
23 dekabr 2022 4429 1 daqiqa
Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirliklari hamda kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 2023 yilda O‘zbekistonga 300 ming tonna Qozog‘iston nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 150 mln dollarlik kelishuv imzolangan. Ushbu bitim doirasida neft yetkazib berish hajmini yiliga 3 million tonnaga yetkazish bo‘yicha ham ishlar olib boriladi.

Shuningdek, 300 ming tonna Rossiya neftini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga 2023 yilda tranzit amalga oshirish bo‘yicha qiymati 9 mln dollarlik kelishuv tuzildi.
Tabiiy gazning o‘zaro tranzitini amalga oshirish, mavjud yer osti gaz omborlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish, shuningdek, gaz uzatish tizimini rivojlantirishga ham kelishib olindi.

Qozog‘istonda quvvati 2000 MVtgacha bo‘lgan zamonaviy ko‘mir issiqlik elektr stansiyasini qurish va ishlab chiqariladigan elektr energiyasini O‘zbekiston iste’molchilariga yetkazib berish bo‘yicha loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga muvofiq 2023 yilda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari kimyo sanoatida fosfat va murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha “Kazfosfat” kompaniyasi va “O‘zkimyosanoat” AJ o‘rtasida 1,3 milliard dollarlik keng ko‘lamli loyihaga start berildi.
Sohiba Komilovna
Live
Barchasi