Qozog‘istonda Nazarboyev asri tugadi, To‘qayev uning xatolarini takrorlamasligi kerak – Bahriyev

Intervyu

Qozog‘istonda chin ma’noda ikki boshlilik siyosati barham topdi va endi Prezident To‘qayev birinchi Prezident qilgan xatolarni takrorlamasligi, qavm-qarindoshchilik siyosatidan voz kechishga jur’at topishi kerak. Bu haqda taniqli jurnalist va siyosiy sharhlovchi Karim Bahriyev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

“Turkmanistonda ham tilladan qo‘yilgan haykallar ag‘darildi. Urush davrida Saddam Husaynning haykallari ag‘darildi. Bir tomoni maddohlarga ishonib, sekin-asta "Men haqiqatan daho ekanman", degan tuyg‘uga berilmaslik uchun bir saboq. O‘zini "zo‘r", deb o‘ylashdan har qanday darajadagi rahbar ehtiyot bo‘lishi kerak. Chalinayotgan qarsaklarga salgina hushyorroq bo‘lib quloq solish kerak”, deydi Behriyev. 

Ekspertga ko‘ra, Qozog‘istonda bo‘layotgan katta noroziliklarning asosiy sababi, islohotlarning kamligi, xalqning bir qismi qashshoqlashgani va noroziliklardan ham tashqari hokimiyatga o‘tish transmissiyasi, ya’ni hokimiyat almashinuvi mexanizmi yaratilmaganidir. 

“Qozog‘istonda Nazarboyev asri tugadi. Endi Nazarboyevning lavozimi va haykalni qayta tiklashmasa kerak. Bir inson go‘yo Prezidentlikdan ketgandek bo‘lib, Xavfsizlik kengashining rahbari lavozimni egallagan bo‘lsa, uning bir qizi Senatda o‘tirgan bo‘lsa, ya’ni keta turib hokimiyatning bir qismi uning qo‘lida bo‘lgani uchun yangi Prezident ham to‘laqonli vazifasini bajara olmadi. Ikki boshlilik yuzaga keldi”, deydi Bahriyev. 

Ayni vaqtda Qozog‘iston xalqi Prezident To‘qayev atrofida birlashib, uni qo‘llab-quvvatlamoqda. Namoyishlar avjiga chiqqanda mamlakatda Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning Olma-otadagi sobiq saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. Bahriyevga ko‘ra, endi To‘qayev Hukumatdagi qarindosh-urug‘chilikka barham berishi kerak. U rahbarlarga tarixda Dinmuhammad Kunayev va Sharof Rashidovdek yaxshi nom qoldirishni tavsiya qildi. 

“Ikki hokimiyatchilikdan bir hokimiyatchilikka o‘tishi mumkin. Lekin bu hokimiyat ham o‘zining qarindoshlarini yuqori mansablarga qo‘ysa, barqarorlik uzoq bo‘lmasligi mumkin. Chunki To‘qayevning o‘g‘lini Rossiyada biznesi bor degan xabarlar chiqmoqda. Qozog‘iston ham boshqa davlatlar ham shundan to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerakki, “Yolg‘onning taxtdagi ming yil davroni, haqiqat aytilgan bir oncha bo‘lmas”. Qancha yil taxtda o‘tirsa ham bir kuni haykali ag‘darilib, o‘zi ketib, bolalari qamalib yoki qochib, shu kunga tushgandan ko‘ra, xalqining xotirasida yaxshi joy olib, mamlakatini boshqarib, bugun ham eslanadigan rahbarlar qatorida bo‘lishi lozim. 

Mustamlaka davrida ishlagan bo‘lsa ham Dinmuhamad Kunayev yoki Sharof Rashidov haqida bugun yaxshi xotiralar bor. Yaqinda Sharof Rashidovning bir qizlari Svetlana Rashidova vafot etdi. Biz Sharof akaning Svetlana ismli qizi borligini endi bildik. Ya’ni ularning farzandlari o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilmadi, dunyo to‘plamadi va ulardan yaxshi xotira qoldi. Albatta, podshoh podshohligi nuqtai nazardan yomon yashamaydi. Lekin haddan oshish nega kerak? Shu narsalar xulosa bo‘lishi kerak”, deydi jurnalist. 

Bundan bir necha kun avval Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Londondan 300 million AQSH dollariga saroy xarid qilgani haqida xabarlar chiqdi. Karim Bahriyev bunga ham munosabat bildirib, shunday deydi: 

“Bir narsani gapirmasa bo‘lmaydi. Kechagina Nazarboyevning qizi Londondan 300 millionlik saroy sotib olibdi. Endi o‘sha yerga ko‘chib o‘tib yashaydi. Chunki bu yerda xalq ularni ko‘rishni istamaydi. “ Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, Narzarboyevning qizi va kuyovining 7 milliard dollar boyligi bor. Mana shu narsalarga javob bo‘lishi zarur. Mayli bizga o‘xshab birinchi Prezidentini hurmat va e’zoz bilan kuzatsa, keyingi davrda adolat bo‘lishi kerak. Xalqning boyligi xalqqa tegsin. Xalq ham normal yashasin”.

Jurnalist Karim Bahriyev bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing