Qirg‘izistondagi kuchli zilzila O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham sezildi
Jamiyat
−
06 Oktabr 2025 11352 2 daqiqa
Bugun, 6 oktyabr kuni Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham sezildi.
Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining ma’lum qilishicha, zilzila magnitudasi 6 balli bo‘lgan. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi esa zilzila epimarkazida sezilish kuchi 7 ball bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Seysmologiya institutiga ko‘ra, yerosti silkinishlari bugun mahalliy vaqt bilan soat 2:28 da qayd etilgan. Zilzila epimarkazi Qirg‘iziston hududida (Talas tog‘ tizmasi), Chakmak-Suu qishlog‘idan 23 km shimoliy-g‘arbiyda, Bashki-Tush qishlog‘idan 25 km shimolda va Talasdan 85 km janubiy-g‘arbiyda joylashgan. Zilzilaning kuch darajasi Chakmak-Suu qishlog‘ida 5,5 ballni, Bashki-Terekda – 5 ballni, Kara-Say, Kek-Say, Sheker, Qaynar, Chon-Kara-Buura, Bakay-Ata qishloqlarida – 4,5 ballni, Talas shahrida esa – 4 ballni tashkil etgan.
Zilzila Qozog‘istonning janubiy hududlarida ham sezilgan. Milliy seysmologik kuzatuv va tadqiqotlar ilmiy markazi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila Ostona vaqti bilan soat 1:29 da qayd etilgan. Magnitudasi 5,9 ni tashkil etgan. Yerosti silkinishlarini Jambil va Turkiston viloyatlari hamda Chimkent shahri aholisi his qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida sezilish kuchi esa quyidagicha:
- Namangan viloyatida 3-4 ball, 106 km.
- Andijon viloyatida 3 ball, 144 km.
- Farg‘ona viloyatida 2-3 ball, 176 km.
- Toshkent shahrida 2-3 ball, 199 km.
- Sirdaryo viloyatida 2 ball, 275 km.
Hozirda hech bir davlat hududida zilzila yetkazgan talafot haqida ma’lumot mavjud emas.
Ma’lumot uchun, kecha, 5 oktyabr kuni kunduz soat 12:20 da ham Qirg‘iziston–Xitoy chegarasida magnitudasi taxminan 4 bo‘lgan zilzila qayd etilgan. Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, yerosti silkinishlari Maydantag tog‘ tizmasi hududida, Norin shahridan 140 km janubiy-sharqda sodir bo‘lgan. Qirg‘iziston hududidagi aholi punktlarida zilzila sezilmagan.