Qirg‘izistonda sel kelishi ortidan 6 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Qirg‘izistonning Osh–Alay avtomobil yo‘lida sel oqimi oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “24.kg” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fojia haqidagi xabar 24 iyun kuni soat 14:17 da kelib tushgan. Trassaning 58-kilometrida sel oqimi yuz berganidan so‘ng voqea joyiga qutqaruvchilar va tezkor guruh yuborilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sel yengil avtomobilni oqizib ketgan. Hozirda halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning shaxsi, shuningdek, mashinada bo‘lgan odamlarning aniq soni aniqlashtirilmoqda.

Qutqaruvchilar hozir ham voqea joyida ish olib bormoqda.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon Qirg‘izistonda 240 dan ortiq sel oqimi qayd etilgan.

Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Akilbek Mazaripovning bildirishicha, sellar soni 2024 yilga nisbatan qariyb ikki barobarga oshgan. O‘shanda mamlakatda 133 ta shunday holat qayd etilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofatlar soni ko‘payganiga qaramay, halok bo‘lganlar soni sezilarli darajada kamaygan.

“Joriy yildagi sel oqimlari natijasida ikki kishi halok bo‘ldi. Biroq inson qurbonlari ancha kamaydi. 2024 yilda tabiiy ofatlar qurbonlari soni 25 nafarni tashkil etgan edi. Bu davlat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasidir”, degan Akilbek Mazaripov.

Qirg‘iziston FVV sellar sonining ortishiga iqlim o‘zgarishi sabab bo‘layotganini ta’kidlagan. Mamlakatda xavfni kamaytirish maqsadida 21 ta hudud belgilanib, daryo sohillarini mustahkamlash, himoya inshootlari qurish va favqulodda vaziyatlar haqida erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 iyun kuni tog‘li hududlardagi kuchli yog‘ingarchiliklar sababli Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududidan oqib o‘tuvchi Obizarang daryosida suv oqimi keskin oshgandi va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prik qulab tushgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing