Qirg‘izistonda ommaviy tartibsizlik tayyorlashda gumonlangan sobiq deputat qo‘lga olindi
Olam
−
25 fevral
4076Qirg‘iziston poytaxti Bishkek va Chuy viloyatida sobiq deputat va “Kirk uruu jeti duban intimagi” jamoat harakati a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yil 20 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari xodimlariga “Kirk uruu jeti duban intimagi” jamoat harakati a’zolari muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazib, ularda mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan ommaviy tartibsizliklar, norozilik namoyishlari va mitinglar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani, talonchilik va mulkni vayron qilish bilan bog‘liq ma’lumotlar kelib tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Zo‘ravonlik bilan birga ommaviy tartibsizliklar uyushtirish” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Kecha, 24 fevral kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari 11 kishini, jumladan, Jogorku Keneshning sobiq deputatini qo‘lga oldi. Ko‘zdan kechirish chog‘ida ulardan granata, arralangan ov miltig‘i, to‘pponcha, o‘q-dorilar, kamuflyaj kiyimlari, giyohvandlik vositalari, diniy adabiyotlar, maxsus niqoblar, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnomalar, pichoqli qurollar, davlat raqamlari, mobil telefonlar, flesh-kartalar va boshqalar topilgan. Ularning barchasi vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
“24.kg”ning huquq-tartibot idoralaridagi manbaning aytishicha, hibsga olingan sobiq deputat Baxit Kerimbekov.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Bishkek shahrida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasining Ichki xavfsizlik va ichki tergov departamentining sobiq katta prokurori ommaviy tartibsizliklarga tayyorlanish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va uyushgan guruh tuzishda gumonlanib, qo‘lga olingandi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva