Qirg‘iziston sertifikatlarni O‘zbekistonga sotganlarni kechirmoqchi emas

Olam

image

Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati raisi Almambet Shiqmamatov qoramol uchun sertifikatlarni ommaviy ravishda olib, O‘zbekistonga sotganlarning qarzini kechira olmasligini aytdi. Bu haqda u parlament Byudjet va fiskal siyosat qo‘mitasining bugun, 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil yozda deputatlar Davlat soliq xizmati ko‘plab fermerlarning qarzlarini kechirishini aytgan. Deputatlar chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan yirik qarzga ega fermerlarning qarzdorligidan kechib, soliqdan ozod qilishni so‘ragan.

“Go‘sht narxi keskin ko‘tarilgani sababli Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Alabuk, Jalolobod va Botkenda tekshiruvlarni boshladi. Natijada Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari va davlat xizmatchilari hibsga olindi. Shuningdek, ushbu sxemalarga aloqador bo‘lgan barcha shirkat rahbarlari ham hibsga olingan”, dedi u.

Shiqmamatov ular Qishloq xo‘jaligi vazirligi departamentidan sertifikatlarni ommaviy ravishda sotib olib, O‘zbekistonga sotayotganini esladi va ularni kechira olmasligini aytdi.

“Biz ularni soliqdan ozod qila olmaymiz, tergovning ishiga aralashib bilmaymiz”, deydi Davlat soliq xizmati rahbari.

Ma’lumot uchun, so‘nggi vaqtlarda Qirg‘izistonda go‘sht narxlari 15-20 foizga qimmatlashgani kuzatilgan. Bu esa aholining asosiy ehtiyojlaridan biri bo‘lgan go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan kirishni cheklashi mumkin. Narx oshishining asosiy sababi sifatida chorva va go‘sht mahsulotlarining eksporti ortgani ko‘rsatilmoqda. Xususan, katta hajmdagi jonli hayvonlar va go‘sht chet elga chiqarilayotgani ichki bozorda taklifni kamaytirib, narxga bosimni oshirgan. Bundan tashqari, chegaralardan chorva mahsulotlarining noqonuniy olib chiqilishi – kontrabanda holatlari ham mavjud bo‘lib, bu jarayon rasmiy nazoratdan tashqarida kechayotgani sababli muammoni chuqurlashtirgan. Ozuqa mahsulotlari, xususan, yem va somon narxining oshgani chorva parvarishini qimmatlashtirib, ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini ko‘paytirmoqda. Bu ham o‘z navbatida go‘sht narxlariga ta’sir qilmoqda. Yaylovlarning qisqarishi, qurg‘oqchilik, ozuqa tanqisligi esa chorva sonining kamayishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, bozorda oraliq savdogarlarning ko‘pligi narxlarni sun’iy ravishda oshirayotgani ham ta’kidlanmoqda. Ular ba’zan go‘shtni omborlarda saqlab, tanqislikni kuchaytirish yo‘li bilan ko‘proq foyda olishga urinadi. Mavsumiy talab ham narxlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa, qish oylarida va bayramlar oldidan talab oshadi. Valyuta kursining o‘zgarishi ham muhim omillardan biri bo‘lib, import qilinadigan yem, dori-darmon va asbob-uskunalarning qimmatlashuviga olib keladi. Bularning barchasi birgalikda narxlar barqarorligini buzgan va hukumatni zudlik bilan choralar ko‘rishga undagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlaktning Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash vazirligi Qirg‘izistonda go‘sht narxiga noma’lum muddatga qadar davlat nazorati o‘rnatilishini ma’lum qilgandi. Davlat nazorati o‘rnatilishidan maqsad – go‘sht narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, chorvani chegaradan olib kirish va olib chiqishni nazorat qilish hamda eksportga son jihatidan cheklov kiritish. Shu doirada tegishli xizmatlarga mamlakat hududida go‘sht narxini uzluksiz monitoring qilish, kontrabanda bilan kurashish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

soliq O'zbekiston Qirg'iziston chorvachilik qoramol Almambet Shiqmamatov go'sht narxlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing