“Isroilparastlarga xizmat ko‘rsatmaymiz”. AQSHdagi o‘zbek qahvaxonasi ustidan tekshiruv boshlandi

Olam

image

AQSH Adliya vazirligi Nyu-Yorkdagi o‘zbekona uslubdagi “Poetica Coffee” qahvaxonalar tarmog‘i ustidan fuqarolik huquqlari bo‘yicha tekshiruv boshladi. Bunga tarmoqning Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi demokrat kongressmen Den Goldmanga xizmat ko‘rsatmasligini ma’lum qilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Adliya vazirligining Fuqarolik huquqlari bo‘limi rahbari Harmit K. Dhillonning aytishicha, tekshiruv qahvaxona tarmog‘i ijtimoiy tarmoqlarda Goldmanni o‘z filiallarida ko‘rishni istamasligini bildirganidan keyin boshlangan.

“Bu harakatlar nafaqat qoralanishi lozim, balki qonunga zid bo‘lishi ham mumkin”, degan u.

Bruklin va Ist-Villijda yettita filialga ega bo‘lgan “Poetica Coffee” Den Goldman qizini ergashtirib qahvaxonalaridan biriga kelganidan keyin Facebook va Instagram sahifalarida bayonot bergan.

“Bugun qahva ichish uchun do‘konimizga kirganingizni ko‘rdik. Genotsid sharbatining ta’miga o‘xshamasligini sezdingizmi yoki hali ham farqni ajrata olmayapsizmi?

Poetica’da irqchilarga, fashistlarga, gomofoblarga, genotsidni qo‘llab-quvvatlovchilarga va ularning orasidagi hech kimga xizmat ko‘rsatilmaydi. Afsuski, sizni darrov tanimabmiz, aks holda kiritmagan bo‘lardik”, deyilgan postda.

Shuningdek, qahvaxona Goldman sarflagan 9,82 dollar qaytarib berilganini va uning qayta kelmasligini istashini bildirgan.

CNN telekanaliga bergan intervyusida Goldman bu holatdan afsuslanganini aytgan.

“Menimcha, biz odob-axloq, munosabat madaniyati va oddiy insonparvarlik borasidagi tushunchalarimizni yo‘qotib qo‘ydik”, degan u.

Biroq kongressmen qahvaxona tarmog‘ini tekshirish kerak deb hisoblamasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Ma’lum qilinishicha, AQSH federal qonunchiligi va Nyu-York shtati qonunlari biznes sub’ektlariga irq, din, jins yoki milliy kelib chiqish asosida xizmat ko‘rsatishni rad etishni taqiqlaydi. Ammo bu himoya siyosiy qarashlar yoki mafkuraga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Den Goldman Demokratik partiya ichida Isroilni ochiq qo‘llab-quvvatlovchi siyosatchilardan biri hisoblanadi. U o‘zini “faxrli sionist va Isroilning qat’iy tarafdori” deb ta’riflagan.

Shu bilan birga, u G‘azoda genotsid sodir bo‘layotganini rad etgan bo‘lsa-da, vaziyatni “dahshatli” deb baholagan va jangovar harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan. Goldman, shuningdek, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumatini “ekstremistik” deb atab, G‘arbiy sohildagi yahudiy manzilgohlarini kengaytirishga qarshi chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing