Islom hamkorlik tashkiloti bugun Xoniyaning o‘limi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazadi
Olam
−
07 avgust 2024 5295 1 daqiqa
Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) bugun, 7 avgust kuni Jidda shahridagi IHT Bosh kotibiyatida Falastin-Isroil vaziyatini, jumladan, HAMAS siyosiy byurosi raisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishini muhokama qilish uchun Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
“Isroil bosqinchiligining Falastin xalqiga, xususan G‘azo sektoriga nisbatan davom etayotgan vahshiyliklariga javoban ushbu yig‘ilish o‘tkazildi. Hozirgacha bu harakatlar 40 000 dan ortiq odamning o‘limiga va 91 000 dan ortiq falastinlik tinch aholining jarohatlanishiga olib keldi, ularning aksariyati ayollar va bolalardir”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Ma’lumot uchun, 31 iyul kuni Xoniyaning Tehrondagi qarorgohiga zarba berildi. Eronning yangi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun Eronga kelgan Xoniya vafot etdi. HAMAS harakati qotillikda Isroilni aybladi va voqeani terakt deb atadi. Eron Xoniyaning o‘limi uchun “tegishli vaqtda va joyda” qasos olishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchisi Yahyo Sinvar harakat siyosiy byurosi rahbari etib saylangandi.
Live
Barchasi