IIO pensionerlari “uchastkavoy”larga yordam berishga jalb qilinadi

Jamiyat

image

Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar uchun ichki ishlar organlari profilaktika sohasida ko‘p yillik amaliy tajriba va samarali natijalarga ega pensionerlar shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilinadi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri tegishli buyruq chiqardi.

Vazirning ushbu buyrug‘i O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ–3413-sonli “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan chiqarilgan.

Unga ko‘ra, IIO pensionerlari shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga ixtiyoriy tartibda, ichki ishlar organlari tomonidan tanlov asosida jalb qilinadi. Ularning soni cheklanmaydi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha tanlovni o‘tkazish vaqtida pensionerlarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqei, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek ularning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biron-bir to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek imtiyozlar berish kamsitish deb hisoblanadi va bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tanlov ushbu ikki viloyatda IIB rahbari tomonidan tasdiqlangan kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning ro‘yxatidan kelib chiqqan holda yilda kamida bir marta o‘tkazilishi mumkin.

Quyidagilar pensionerni shartnoma asosida jalb qilish uchun monelik qiluvchi omillar hisoblanadi:

  • qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan bo‘lishi;
  • sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilishi;
  • psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan bo‘lishi;
  • pensionerda unga yuklatilgan vazifalarni o‘tashga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar mavjud bo‘lishi;
  • shaxsiy va ishchanlik sifatlari bo‘yicha shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarishga qodir emasligi;
  • huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amaliy tajribaga, shuningdek, ichki ishlar organlarida kamida 5 yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lmaslik.

Profilaktika inspektori tomonidan shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilingan pensioner bajargan ishlarga oid dalolatnoma rasmiylashtirib boriladi. Bunda profilaktika inspektori tomonidan ushbu dalolatnoma har oy yakunida Toshkent viloyati IIBB va Farg‘ona viloyati IIBning moliyaviy ta’minot xizmatiga taqdim etiladi. Dalolatnomalarning rasmiylashtirilishi va ularga oid ma’lumotlarning to‘g‘riligi hamda haqqoniyligi uchun profilaktika inspektori javobgar hisoblanadi. Shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilingan pensionerlarga haq to‘lash taqdim etilgan dalolatnomalarga asosan ularga to‘lanayotgan pensiyasining 100 foizi miqdorda Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ya’ni shu paytgacha olayotgan pensiya summasiga yana shuncha miqdorda pul qo‘shiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi profilaktika bo‘linmalarida ma’muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Farg'ona kriminogen vaziyat IIO pensionerlari huquqbuzarliklar profilaktikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing