Germaniya va Yaponiya faol ravishda qayta qurollanmoqda – NYT

Olam

image

Ikkinchi jahon urushi davrida ittifoqchi bo‘lgan Germaniya va Yaponiya hozirda faol ravishda qayta qurollanmoqda va o‘zaro aloqalarini mustahkamlamoqda. Bu haqda “New York Times” nashri xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, har ikkala mamlakat ham ayni paytda AQSHga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda, ularning Xitoy va Rossiya borasidagi xavotirlari esa kuchayib bormoqda. Berlin va Tokio o‘rtasidagi hamkorlik “Katta yettilik” (G7) davlatlari rahbarlarining yaqinlashib kelayotgan uchrashuvida yanada kuchayishi kutilmoqda. Tomonlar allaqachon texnologiyalar va qurol-yarog‘ almashishni boshlab yuborgan.

“Bu safar Yaponiya va Germaniya mudofaa nuqtai nazaridan birlashmoqda: Berlin Ukrainaning Rossiyaga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda, Tokio esa Xitoy va Shimoliy Koreya tomonidan bo‘layotgan tahdidlardan xavsiramoqda. Ular shunga o‘xshash qarashlarga ega bo‘lgan boshqa “o‘rta kuchlar” safiga qo‘shilmoqdalar”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda har ikki davlatda ham tinchlik, diplomatiya, erkin savdo va madaniy almashinuv g‘oyalarini ilgari suruvchi antimilitaristik harakatlar zaiflashgan. AQSH Prezidenti Donald Trampning Yevropada xavfsizlikni ta’minlashdan voz kechish bilan tahdid qilgani esa ikki davlatning qayta qurollanishga bo‘lgan intilishini tezlashtirgan.

OAVning eslatishicha, Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti mamlakat janubida Xitoygacha yetib borishga qodir bo‘lgan uzoq masofali raketalarni joylashtirdi va urushdan keyingi qurol eksportiga qo‘yilgan taqiqlarni bekor qilgan. Bundan tashqari, Yaponiya Avstraliyaga harbiy kemalar yetkazib berish bo‘yicha 6,5 milliard dollarlik shartnoma imzolagan hamda Filippin va Indoneziya bilan ularni eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Shu bilan birga, 2026 yilning bahorida Tokioda o‘n minglab odamlar qurol eksportini oshirish va milliy razvedka agentligini tashkil etish haqidagi qarorlarga qarshi norozilik namoyishlariga chiqqandi. Namoyish tashkilotchilaridan biri Naxoko Xisiyama “Takaitining siyosati chuqur xavotir uyg‘otayotganini, chunki u Yaponiyani harbiy davlatga aylantirishga qaratilganini” bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing