G‘azodagi bolalar Isroil harbiylarining nishoniga aylanmoqda – BBC

Olam

image

Isroil harbiylari G‘azo sektorida istiqomat qilayotgan yosh bolalarni ataylab nishonga olib kelgan va bu harakatni hozir ham davom ettirmoqda. Bu haqda o‘z tekshiruvlariga tayanib, BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, nashr 2023 yilning noyabrida G‘azoda alohida-alohida holatlarda halok bo‘lgan ikki nafar qizaloq – 2 yoshli Layan al-Majdalaviy va 6 yoshli Mira Tanbura bilan bog‘liq voqealarni tahlil qilgan. Ular Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) harakat qilayotgan hududlarda halok bo‘lgan.

BBC tekshiruvi natijalariga javoban Isroil Mudofaa kuchlari bu o‘limlar o‘rganilishini ma’lum qilgan. 

“Layan va Miraga oid tafsilotlar qayd etilgan va ularni tegishli organlar ko‘rib chiqadi. Fuqarolarga, ayniqsa bolalarga ataylab zarar yetkazish qat’iyan man etilgan”, deyiladi IDF xabarida. 

Layan va Mira – G‘azodagi urushda otib o‘ldirilgan 160 dan ortiq bolalar orasida o‘rganilgan ikki holat xolos. BBC ushbu bolalarga oid guvohlar va dalillarni yig‘ib chiqqan. 

Shu paytgacha yig‘ilgan 95 ta holatda bola boshiga yoki ko‘kragiga o‘q tekkan. Shulardan 59 tasida bevosita guvohlarning yoki inson huquqlari tashkilotlari hamda tibbiyot xodimlari orqali olingan ko‘rsatmalar mavjud. Guvohlarning aytishicha, bu 59 holatdan 57 tasida bolalarga o‘q IDF tomonidan otilgan. Qolgan ikki holatda bolalar – biri bayram paytidagi havoga o‘q uzishda, ikkinchisi esa guruhlararo to‘qnashuvda o‘ldirilgan.

95 ta holatning qolgan 36 tasida esa nima bo‘lganini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Bu G‘azoga xorijlik jurnalistlarning mustaqil kirishiga Isroil tomonidan qo‘yilgan taqiq va urush tufayli yuzaga kelgan vayronagarchiliklar hamda aholining ommaviy ko‘chirilishi bilan izohlanadi. 

Ma’lumot uchun, bugun, 2 avgust holatiga ko‘ra, G‘azo sektorida Isroilning harbiy amaliyotlari oqibatida kamida 60 ming 400 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Jarohatlanganlar soni esa 139 ming 600 dan oshgan. Ushbu qurbonlar orasida kamida 18 ming 500 bola halok bo‘lgan, 34 mingdan ortiq bola esa turli darajadagi jarohatlar olgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azo sektoriga tashrif buyurib, yordam taqsimlanadigan punktlarni ko‘zdan kechirgandi. Uning safaridan maqsad – G‘azodagi oziq-ovqat inqirozi fonida AQSH tomonidan ishlab chiqilayotgan yordam rejasini aniqlashtirish edi. Uitkoff Rafah shahrida joylashgan tarqatish markaziga borgan. Bu tashrif G‘azoga hozirgacha bo‘lgan eng yirik havo orqali gumanitar yordam yetkazilgan kunga to‘g‘ri kelgan. Yordam BAA, Iordaniya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya va Bahrayn tomonidan yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Isroil G'azo Layan va Mira

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing