G‘azoda 24 soat ichida 140 kishi halok bo‘ldi, e’tibor esa Eronga ko‘chgan
Olam
−
18 iyun 2025 4220 3 daqiqa
G‘azoda so‘nggi 24 soat ichida Isroil tomonidan amalga oshirilgan havo va yerdagi hujumlar oqibatida ko‘pi bilan 140 falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy tibbiyot xodimlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 40 nafar odam bugun, 18 iyun kuni amalga oshirilgan zarbalar oqibatida halok bo‘lgan. Ularning ayrimlari – so‘nggi uch haftada yordam olish uchun harakat qilgan insonlardir, bu vaqt mobaynida Isroil hududga qo‘yilgan to‘liq blokadani qisman yengillashtirgan edi.

Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy va Shimoliy G‘azodagi quyidagi joylarda amalga oshirilgan havo hujumlari 21 nafar odamning o‘limiga olib kelgan:
-
Magozi qochqinlar lageri,
-
Zaytun mahallasi,
-
G‘azo shahri.
Shuningdek, Xon Yunusdagi bir lagerga beriladigan zarba 5 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Salohiddin shoh yo‘lida BMT yordamida kelgan oziq-ovqatni kutayotgan evakuatsiya qilingan fuqarolar to‘dasiga berilgan otishmalar oqibatida yana 14 kishi halok bo‘lgan.
“Bir necha marta ogohlantirish berilganiga qaramay, ba’zi shaxslar markaziy G‘azodagi Nuseyrat hududida harakatlanayotgan askarlarimizga yaqinlashgan. Ular xavf tug‘dirgani bois ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Biz Hamas harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish uchun harakat qilyapmiz va fuqarolarga zarar yetkazmaslik uchun imkoni boricha ehtiyot choralarini ko‘ryapmiz”, deya bayonot bergan SAXAL.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining kecha, 17 iyun kuni ma’lum qilishicha, may oyi oxirida yordam qayta tiklanganidan beri 397 falastinlik oziq-ovqat olishga urinayotganida halok bo‘lgan, 3,000 nafardan ortiq kishi yaralangan.

Isroil-Eron o‘rtasidagi yangi mojaroga dunyo e’tibor qaratayotgan bir paytda, G‘azodagi fojialar soya ostida qolmoqda.
“G‘azoda odamlar kunu tun o‘ldirilyapti, lekin butun e’tibor Isroil va Eron urushiga burildi. G‘azo haqida xabarlar juda kam. Kimki Isroil bombalaridan omon qolsa, ochlikdan o‘lmoqda. Odamlar har kuni xavfga qaramay oziq-ovqat izlaydi, ammo oqibatda o‘ldiriladi. Ular umid bilan olgan un xaltalari qonida bo‘yaladi”, deydi G‘azo shahridagi aholi vakili Adel.
Isroil va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Gaza Humanitarian Foundation deb nomlangan yangi guruh orqali hozirda oziq-ovqat tarqatilmoqda. Ularda xususiy AQSH kompaniyalari va Isroil kuchlari himoyasidagi taqsimlash punktlari ishlamoqda.

“Bu tizim – axloqiy sharmandalik va umumjahon vijdonimizga dog‘”, deb bayonot berdi BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi rahbari Fillip Lazzarini.
Ma’lumot uchun, G‘azoda urush 2023 yil oktyabrda boshlangan. 1,200 nafar Isroil fuqarosi halok bo‘lgan, taxminan 250 kishi garovga olingan. Isroilning javob zarbalari esa 55,600 falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan, G‘azo aholisining deyarli hammasi joyidan ko‘chirilgan. G‘azodagi ocharchilik “dahshatli” deb baholanmoqda.
“Isroilga Eron tomonidan raketa uchirilishini ko‘rib, balki xursand bo‘layolgandirmiz, ammo har bir kunimiz o‘nlab begunoh insonlar hayotiga arzimoqda. G‘azoning urushdan ham chiqish yo‘li topilishi kerak. Biz unutildik”, deydi 5 farzandning 47 yoshli otasi Shabon Abed.
Live
Barchasi