G‘arb Rossiyadan Suriyani “qanoti ostiga olmaslikni” talab qilmoqda
Olam
−
28 yanvar 2023 10498 2 daqiqa
AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kecha, 27 yanvar kuni rasmiy Moskvani Suriya rasmiylarini kimyoviy qurol ishlatganligi uchun javobgarlikdan himoya qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda to‘rt davlat tashqi ishlar vazirlari – Entoni Blinken, Jeyms Kleverli, Annalena Burbok va Katrin Kolonnaning Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotining hisobotidan keyin e’lon qilingan qo‘shma bayonotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti ekspertlari Suriya rahbariyatini 2018 yilning aprel oyida Duma shahrida kimyoviy qurollardan foydalangan deb topgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya ham tashkilot qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
“Hukumatlarimiz Suriya rejimining ushbu dahshatli qurollardan qayta-qayta foydalanishini keskin qoralaydi va Asad rejimidan Kimyoviy qurollar bo‘yicha konvensiya va BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini zudlik bilan bajarishini talab qiladi. Suriya o‘zining kimyoviy qurol dasturini to‘liq e’lon qilishi va yo‘q qilishi hamda uning amalga oshirilganligini tekshirish uchun Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti xodimlarini o‘z mamlakatiga yuborilishiga ruxsat berishi kerak”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasini Suriyani kimyoviy quroldan foydalanganlik uchun javobgarlikdan himoya qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Tashqi ishlar vazirlari kimyoviy quroldan istalgan joyda, har kim va har qanday sharoitda foydalanishni qoraladi.
“Shuningdek, biz Suriya va undan tashqaridagi barcha kimyoviy qurol hujumlari uchun aybdorlarni javobgarlikka tortish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaymiz”, deya xulosa qildi vazirlar.
Biroq Rossiya tomoni AQSH va uning ittifoqchilarini Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotini o‘zlari uchun qayta formatlashda ayblab keladi. Suriya masalasida ham Rossiya 2018 yil 9 aprel kuni Duma shahrida so‘rov o‘tkazganini, biroq u yerda kimyoviy qurol izlarini topmaganini da’vo qiladi.
Ma’lumot uchun, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti BMTga aloqador hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 1997 yil 29 aprelda tashkil etilgan. Unga 193 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo hisoblanadi.
Alibek Beyjanov
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025