Erkatoy Zelenskiy yoxud Ukrainaga qurol ham, pul ham beriladi
Tahlil
−
19 iyun 6240 9 daqiqa
Jahonning “kattakonlari” Fransiyada yig‘ildi. Alp tog‘lari bilan o‘ralgan Evian-le-Ben shahrida dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega G7 (Group of 7) davlatalari – AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya bugun dunyo yuzlanib turgan eng katta muammolarni muhokama qilish uchun jam bo‘lgan. Yaqin Sharqdagi inqirozli vaziyat, Ukraina urushi va Xitoy bilan iqtisodiy kurash fonida ushbu sammit “dunyoni yaxshiroq qilishga” navbatdagi urinish bo‘ldi.
Biroq so‘nggi yillarda bo‘lib o‘tgan sammitlar, G7 bugun dunyo muammolarini hal qilayotgan global kuch markazidan ko‘ra, ko‘proq o‘zaro ichki kelishmovchiliklarni hal etishga urinayotgan klubga o‘xshab borayotganini ko‘rsatdi. Ukraina masalasida ham, Eron bilan tuzilgan yangi kelishuv bo‘yicha ham yakdil pozitsiya mavjud emasdek, Fransiya va Germaniyaning Yevropada liderlik uchun raqobati esa, yakdil qaror qabul qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bugun ushbu maqolada, bir savolga javob topishga urinib ko‘ramiz: G7 dunyodagi mojarolarni hal qilishga qodirmi yoki u endi faqat global muammolarni muhokama qiladigan, ammo ularni bartaraf eta olmaydigan siyosiy maydonga aylanib qoldimi?
Tadbir haqida umumiy
Bu galgi 52-G7 sammitiga Fransiya mezbonlik qildi. Uch kun davom etgan uchrashuvlar kun tartibida Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi keskinlik, jahon iqtisodiyoti va xavfsizlik masalalari markaziy o‘rin egallagan bo‘lsa-da, tadbirlar davomida yetakchilarning o‘ziga xos nutqlari OAV e’tiboridan chetda qolmadi.
Sammitda “Katta yettilik” davlatlari rahbarlaridan tashqari Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ham ishtirok etdi. Shuningdek, maxsus taklif etilgan mehmonlar sifatida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Al Tani, Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon ishtirok etdi.
Ukraina Prezidenti sammitga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni taklif qilganini bildirgan.
“Biz Putin bilan G7 doirasida uchrashishga tayyor ekanimiz haqida xabar berdik. U yerda Tramp va Makron bo‘ladi, ya’ni Yevropa va Amerika vakillari bir joyda bo‘ladi. Bu hammamiz uchun uchrashish va muzokara olib borish uchun yaxshi imkoniyat”, degan Zelenskiy.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa, Kreml uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha rasmiy taklif olmaganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Zelenskiy mas’uliyat bilan va jiddiy muloqot qilishga tayyor bo‘lsa, Moskvaga kelishi mumkin.
Parallel ravishda o‘tayotgan Jahon Chempionatining shukuhi G7 yetakchilarining muzokara stoligacha yetib keldi. Germaniya kansleri Fridrix Mers sammit doirasidagi ilk yalpi majlisida AQSH rahbariga Germaniya terma jamoasining libosini hadya qildi. Unda “Tramp” yozuvi va 47 raqami tushirilgan bo‘lib, bu Donald Trampning AQSH tarixidagi prezidentlik tartib raqamini anglatadi. Ma’lum qilinishicha, ushbu futbolkani Trampning 14 iyun kuni nishonlangan 80 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan. Jurnalistlarning fikricha, bu o‘ziga xos yumshoq kuch diplomatiyasi bo‘lgan.
Ochig‘ini aytganda, AQSH rahbarining xushomadlar markazida qolishiga alohida e’tibor berildi. Yevropaning Vashingtondan moliyaviy yordamga muhtoj ekanligi qaysidir ma’noda boshqa davlat rahabarlarini Trampning oldida “tili qisiq” qilib qo‘ygan. Buni hatto AQSH rahbarining o‘zi ham sezib turibdi va bu qudratdan ochiqdan-ochiq foydalanmoqda.
17 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” (G7) sammitining rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan sessiyalaridan biriga kechikib kirib kelar ekan, Tramp hazil aralash “Bu yerda xo‘jayin menman” (I’m the boss), deb hayqirgan. Bu “o‘xshamagan hazil” ko‘plab jurnalistlar tomonidan va siyosiy doiralarda tanqid ostiga olingan. Siyosatda diplomatik parda va etiketga o‘rganib qolgan mutaxasislar Oq uy rahbarining bu qadar ochiq fe’l-atvorini qabul qilishni istashmayapti.
Eron urushi yakunlanish arafasida
G7 sammit davomida ko‘rib chiqiluvchi asosiy masalalardan biri, shubhasiz Yaqin Sharqdagi, ya’ni Eron bilan AQSH va Isroil o‘rtasida yuzaga kelgan urush edi.
Garchi AQSHning rasmiy bayonotlarida doimgidek ushbu habiy harakatlar rasman “urush” nomi bilan atalmagan bo‘lsa-da, butun dunyo bu nizoga boshqa ta’rif topa olmadi.
Tadbirning ilk kunidayoq ushbu mojaro kun tartibiga ko‘tarildi, negaki, yonilg‘i bozorlaridagi inqiroz nafaqat Eron yoki AQSHga balki, butun dunyo sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Tramp esa, 15 iyun kuniyoq Eron bilan urushni to‘xtatishga qaratilgan dastlabki kelishuv allaqachon imzolanganini ma’lum qildi.
“Bu kelishuv imzolanganini mamnuniyat bilan ma’lum qilaman. Bitim to‘liq imzolandi”, degan Tramp.
Shuningdek, AQSH rahbari o‘zining “hamtovog‘i” – Isroilni ham tanqid qilib, “Hizbulloh” jangchilarini yo‘q qilish uchun turarjoy binolarini bombardimon qilish ortiqcha ekanini bildirgan. Shuningdek, Bayrutga qilingan Isroil zarbalaridan norozi ekanini bir necha bor takrorlagan. Uning fikricha, mazkur hujumlar AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan tinchlik kelishuviga to‘siq bo‘lib kelgan.
“Juda ko‘p odamlar halok bo‘ldi. Bir odamni qidirayotganingiz uchun har safar ko‘p qavatli uyni vayron qilish shart emas. Chunki u yerda ko‘plab odamlar yashaydi va ularning hammasi ham “Hizbulloh” a’zosi emas”, deydi Tramp.
Aslida, Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasidagi munosabatlarda ham so‘nggi vaqtlarda taranglik kuchaygan. Isroil rasmiylari Trampning Eron bilan tuzgan kelishuvidan norozi bo‘lsa, AQSH Prezidenti Bayrutga qilingan zarbalar sabab Eronning qarshi hujumlarni boshlanganidan va bu uning tinchlik muzokaralarini yakunlash rejasiga xalaqit berganidan norozilik bildirmoqda. Netanyaxu bilan munosabatlar har qancha yaxshi ekanligi aytilmasin, Oq uy rahbarining gap-so‘zlaridan Tel-Aviv AQSHning ishonchini yo‘qotgani sezilib turibdi. Trampning o‘zi ham Isroil haddidan oshib ketganini o‘z nutqlarining birida “qistirib o‘tdi”.
“Bizsiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarisiz Isroil bo‘lmas edi. Mensiz ham Isroil bo‘lmas edi, chunki boshqa hech bir prezident men qilgan ishlarni qilishga tayyor emasdi”, deydi u.
Yaqin do‘stidan kelgan bunday keskin e’tirozlar Netanyahuni ham sergak torttirishi, o‘ylab ish qilishga undashi tabiiy. Ko‘plab ekspertlarning fikricha, AQSHning chekinishi Isroilning ham pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qiladi.
Va nihoyat, 17 iyun kuni AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini ochishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini elektron shaklda imzoladi. Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning aytishicha, tomonlar hujjatni elektron tarzda imzolashga kelishib olgan va avval rejalashtirilgan Jenevadagi rasmiy marosimga ehtiyoj qolmagan. Shunga qaramay, bu yakuniy sulh emas va Shveysariyadagi uchrashuv bekor qilinmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, unda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens hamda Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlash masalasini muhokama qiladi.
Shuni unutmaslik kerakki, urushning ildizi aynan yadro dasturiga borib taqaladi. Shu vaqtgacha yechimini topmagan muammo tez kunlarda butkul hal bo‘lishiga qanchalik ishonishni istasak ham, buning ehtimoli juda past. Ammo, har xolda tomonlar bir necha yilga tin olishga kelishib olsa yomon bo‘lmasdi.
Ukraina qurol bilan ta’minlanadi
Ukraina – Yevropaning darvozasi, Rossiya va g‘arb koalitsiyasining o‘rtasidagi chegara davlat. NATOning Ukrainaga bostirib kirishi qay darajada Rossiya uchun xavfli bo‘lsa, uning Moskva tomonidan bosib olinishi Yevropa dalatlari uchun shu darajadagi tahdid deb qabul qilinadi. Aynan shu sabab G7 ham Kiyev mag‘lub bo‘lmasligi uchun “jon kuydirmoqda”.
G7 sammitida qabul qilingan asosiy qarorlardan biri – Ukrainaning havo mudofaasini mustahkamlash bo‘ldi. Sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda Ukraina Rossiyaning raketa va dron hujumlariga qarshi kurashishda qo‘shimcha yordam olishi ma’lum qilindi. G7 davlatlari Kiyevga zamonaviy havo mudofaasi tizimlari, raketa tutib qoluvchi vositalar hamda boshqa harbiy texnikalarni yetkazib berishni davom ettirishga kelishib olindi.
Sammit oldi Zelenskiyning o‘ynagan “himoyasiz mazlum” obrazi va javob zarbasi olish uchun qilgan hujumlari ish bergan ko‘rinadi. AQSH rahbari ham Ukrainaga qurol yetkazish dasturini qo‘lladi. Bundan tashqari, u keskin bayonot bilan chiqib, Rossiya neft eksportiga qarshi sanksiyalarni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Trampning fikricha, Rossiya neftidan foyda olayotgan davlatlarga iqtisodiy bosim o‘tkazish Moskvaning urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini qisqartirishi mumkin.
“Yaqin orada buni amalga oshirishimiz mumkin, chunki hozir Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berilmoqda. Biz sanksiyalarni olib tashlagandik, chunki neft ta’minotiga to‘sqinlik qilishni istamagandik. Shunday ekan, yaqin orada bunga imkoniyat paydo bo‘ladi”, degan Tramp.
Ajablanarlisi shundaki, shundoq ham Yevropaning yordamiga muxtoj bo‘lib turgan Ukraina Rossiyaga nisbatan harbiy bosimni oshirmoqda. Sammit bilan parallel ravishda Moskvaga navbatdagi yirik dron hujumlari davom etdi. Rossiya poytaxti va unga tutash hududlarda havo hujumi xavfi e’lon qilindi, ayrim aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu esa shundoq ham agressiv Kremlning jahlini chiqarishi tabiiy.
Hech kim negadir “tinchlik memorandumi” yoki vositachi davlat ishtirokida urushni tinch yo‘l bilan yakunlash taklifini ilgari surmayapti. G‘arbdan kelayotgan sado faqat va faqat “Putin taslim bo‘lsin, biz Ukrainaga qurol beramiz”. Kim bilsin balki bu urushning keragidan ortiq cho‘zilib, sulhga imkon yo‘qligidanmi yoki Yevropaning Rossiyani chiqishtirmasligimi, nimadir deyish qiyin.
Bugungi vaziyat shuni ko‘rsatadiki, Ukraina urushi allaqachon ikki davlat o‘rtasidagi mojaro doirasidan chiqib ketgan. Bu Rossiya va global G‘arb o‘rtasidagi tarixiy konfliktning davomiga aylanib ketdi.
Ebolaga qarshi birgalikda kurash
G7 sammiti eng avvalo urushlar, geosiyosiy mojarolar va iqtisodiy inqirozlarni muhokama qilish maydonidir, ammo Covid-19 epidemiyasi oddiydek ko‘ringan kasalliklar urushlardan ko‘ra ko‘proq odam o‘ldirishi, ko‘proq iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin ekanligini ko‘rsatdi. Balki, aynan shu sabab ham bu galgi G7 sammitida Afrikada avj olayotgan Ebola virusiga ham alohida to‘xtalmagan.
Sammit yakunida G7 rahbarlari Ebola epidemiyasiga qarshi muvofiqlashtirilgan xalqaro javob choralarini ishlab chiqish hamda saraton kasalligiga qarshi ilmiy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha alohida bayonotlar qabul qildi.
G7 rahbarlari epidemiyaning chegaralardan tashqariga chiqish xavfi mavjudligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni tezkor harakat qilishga chaqirdi. Bayonotda tibbiy xodimlar, ko‘ngillilar va mahalliy jamoalarning sa’y-harakatlari e’tirof etildi. Shuningdek, kasallikni nazorat qilish uchun kuzatuv tizimlari, laboratoriyalar, diagnostika vositalari va yangi vaksinalar ustida ishlash zarurligi qayd etildi.
Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada tarqalayotgan virus bugun dunyo ahlini yana xavotirga solib qo‘ydi. Bu galgi “Bundibugyo” nomli virus mutatsiyasi uchun hali vaksina topilmagan ya’ni bu kasallik davosini topish hali ancha pul va resurs talab qiladi.
Yevropa Ittifoqi allaqachon Ebola bilan kurashish uchun yuzlab million yevrolik yordam paketlarini e’lon qilgan. Bu mablag‘lar vaksinalar ishlab chiqish, davolash dasturlari va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
Biroq sammitda faqat Ebola emas, saraton kasalligi ham markaziy mavzulardan biri bo‘ldi. G7 davlatlari saraton dunyo bo‘ylab o‘limning eng yirik sabablaridan biri bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Ayniqsa aholining qarib borishi, noto‘g‘ri ovqatlanish, ekologik muammolar va turmush tarzidagi o‘zgarishlar sabab kasallik bilan bog‘liq xavf ortib bormoqda.
Shu sababli, yetakchi davlatlar saraton kasalligini erta aniqlash texnologiyalarini rivojlantirish, sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish, yangi davolash usullarini yaratish va ilmiy ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirishga kelishib oldi. Maqsad – kasallikni aniqlash va davolash imkoniyatlarini nafaqat rivojlangan davlatlarda, balki dunyoning kam ta’minlangan hududlarida ham yaxshilashdir.
G7 davlatlari faqat o‘zlarining “cho‘ntagini qappaytirishni” ko‘zlagan davlatlar emas, balki katta muammolarni, xoh u geosiyosiy bo‘lsin, xoh ekologik yoki tibbiy, ularning gardanida yuk ko‘proqdir. Ushbu maqolani, kinosevarlar sevuvchi bir jumla bilan yakunlamoqchiman. “Katta kuch, katta mas’uliyatdir”.
Live
Barchasi