“Fung-vong” tayfuni Tayvanga ko‘chdi. Minglab aholi evakuatsiya qilindi

Olam

image

Bugun, 12 noyabr kuni Tayvanda “Fung-vong” tayfuni oqibatida toshqinlar kuzatildi. Tayfun sharqiy qirg‘oqlarga rekord darajadagi yog‘ingarchilik keltirganidan so‘ng 8 300 nafardan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, orolning janubiy qismidagi ko‘plab hududlarda maktab va korxonalar yopilgan, 51 kishi jarohat olgan. Harbiylar odamlarni qutqarish ishlarini olib bormoqda.

Suao port shahrida mingdan ortiq uylar suv ostida qolgan. U yerda atigi bir kunda 648 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan. Bu esa noyabr oyidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Suv juda tez kirib keldi, shunchalik ko‘p va tez yog‘diki, drenaj tizimi buni ko‘tara olmadi,” deydi baliqchi Xun Chun-yi. 

U kechani uyning birinchi qavati 60 sm balandlikdagi suv ostida qolganidan so‘ng loyni tozalash bilan o‘tkazgan. Suao shahridagi boshqa aholi ham suv bosgan uylardan loyni tozalashda davom etyapti, biroq hozircha yomg‘ir tingan.

Yong‘inlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 8 300 ga yaqin fuqaro, asosan Yilan va unga yaqin Hualien hududlaridan xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Bu yerda shimoldan kelgan musson yomg‘irlar tayfun bilan birlashib, yog‘ingarchilikni yanada kuchaytirgan.

“Tayfunning kech kelishi yozning cho‘zilib borayotganidan dalolat beradi”, deydi Tayvan Markaziy gidrometeorologiya xizmati sinoptigi Xuand En-xun. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi kelajakda keskin ob-havo hodisalarini tez-tez keltirib chiqarishi mumkin, lekin aniq xulosa uchun hali qo‘shimcha tadqiqotlar kerak.

Prognozlarga ko‘ra, “Fung-vong” bugun, 12 noyabr kuni kechga borib Tayvanning janubiy qismidan o‘tib, Tinch okean tomon yo‘l oladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippinga “Fung-Vong” super to‘foni yopirilgan va oqibatda kamida olti kishi halok bo‘lgan edi. “Fung-Vong” super to‘foni toshqin va ko‘chkilarni olib kelgan. To‘fon oqibatida butun viloyatlar bo‘ylab elektr energiyasi uzilgan.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tayfun Tayvan Fung-Vong

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing