Fors ko‘rfazida yuzlab kemalar adashib qoldi

Olam

image

Shu kunlarda Fors ko‘rfazida kemalarning navigatsiya tizimida ommaviy nosozlik yuz bermoqda. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Hormuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazi hududida 900 dan ortiq kemaning navigatsion signallari yo‘qolgan. “Bloomberg” bu hodisani Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatning keskinlashuvi fonida yuz bergan, deb hisoblamoqda.

Nosozliklar tufayli baliqchilik, yuk va neft tashuvchi kemalarning tizimlari g‘ayritabiiy yo‘nalishlarni ko‘rsata boshlagan. Kema ekipajlari radarlar va kompaslarga tayanishga majbur bo‘lgan, bu esa to‘qnashuv xavfini oshirgan.

Qo‘shma Dengiz Axborot Markazi (JMIC) Eronning Bandar-Abbos porti yaqinida signallarning “keskin bostirilishi” holatini qayd etgan. Shunga qaramay, mutaxassislar Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishga tayyorgarlik borligini aniqlamagan.

Ba’zi neft tankerlarida, jumladan Frontline Ltd. kompaniyasiga tegishli Front Tyne hamda Vitol Group’ning Elandra Willow kemasida signal harakati g‘ayritabiiy tarzda kuzatilgan – ular Eron, Fors ko‘rfazi va Saudiya Arabistoni sohillari orasida kutilmagan joylarda paydo bo‘lgan. Kema egalari bu holat yuzasidan izoh bermagan.

Brokerlarning ma’lumotiga ko‘ra, ayrim kema egalari Fors ko‘rfaziga kirishni vaqtincha to‘xtatgan. Buning ortidan “Yaqin Sharq – Osiyo” yo‘nalishi bo‘yicha neft tashish tariflari iyul oyi uchun qariyb 12 foizga oshgan.

Biroq tahlilchilar Eronning Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq to‘sib qo‘yishga borishiga shubha bilan qaramoqda, chunki mamlakat o‘zi ham neft eksportiga qattiq bog‘langan.

Eslatib o‘tamiz, Eron va Isroil o‘rtasidagi bu zarbalar almashinuvi joriy yilning 13 iyun tongida Isroil harbiylari “Sherlar olami” nomli operatsiyani boshlaganidan so‘ng avj oldi. Isroil Tehronni yadro qurolini yasayotganlikda aybladi. Eron bu ayblovlarni rad etib, “Haqiqiy va’da 3” nomli operatsiyani boshlaganini e’lon qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Eronning Isroilga qilgan hujumlari oqibatida hozirgacha kamida 24 kishi halok bo‘lgan, taxminan 500 dan ortiq kishi yaralangan. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarbalarida Eronning o‘zida 224 kishi halok bo‘lgan, 1481 kishi jarohat olgan. Halok bo‘lganlar orasida 70 nafar ayol va bolalar ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing