Fors ko‘rfazi davlatlarining AQSHdan hafsalasi pir bo‘lmoqda – OAV
Olam
−
28 mart 5636 2 daqiqa
Fors ko‘rfazi mamlakatlari Eron bilan davom etayotgan urush fonida AQSHdan tobora ko‘proq norozi bo‘lmoqda. Arab siyosatchilari shaxsiy suhbatlarda Amerikaning xavfsizlik kafolatlarini shubha ostiga qo‘yib, Prezident Donald Trampda aniq strategiya yo‘qligidan jiddiy xavotir bildirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Mintaqa uchun asosiy xavflar:
Harbiy bazalar nishon sifatida: ko‘plab mulozimlar Amerikaning harbiy bazalarini Eronni tiyib turuvchi emas, balki uning hujumlarini qo‘zg‘atuvchi xavf omili deb hisoblamoqda.
Shoshilinch kelishuv xavfi: Donald Tramp saylovlar oldidan “g‘alaba” e’lon qilish va energiya resurslari narxi oshishini to‘xtatish uchun Tehron bilan shoshilinch kelishuv imzolashi mumkinligidan xavotirlar bor.
Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat: agar “xom” bitim tuzilsa, Eron jahon neft trafigining 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlab qolishi va shu bilan birga qo‘shnilaridan qattiq g‘azablangan holatda qolishi mumkin.
Proksi-guruhlar tahdidi: arab elitasi yangi kelishuv ballistik raketalar ishlab chiqarishni hamda “Hizbulloh” va HAMAS kabi proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni cheklamasligidan qo‘rqadi. Bu esa Ko‘rfaz davlatlarini tahdid qarshisida yolg‘iz qoldiradi.
Fors ko‘rfazidagi beqarorlik jahon bozorlarini larzaga keltirishda davom etmoqda. 2026 yil 27 mart kuni Rossiya hukumati, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozi bloklangani sababli, benzin eksportiga embargo joriy qildi, bu esa Brent markali neft narxini bir barrel uchun 100 dollardan yuqoriga ko‘tardi.
Ma’lumot uchun, Isroil va AQSHning Eronga hujumi 28 fevral kuni shahar va harbiy ob’ektlarga berilgan ko‘plab aviatsiya va raketa zarbalari bilan boshlangan edi. Amerika Prezidenti Donald Tramp ushbu harbiy operatsiyani “Epik g‘azab” (Epic Fury) deb atadi. Tehron bunga javoban Isroilga va Yaqin Sharqdagi bir necha mamlakatlarda joylashgan AQSH harbiy bazalariga hujum qilmoqda. Bundan tashqari, Eron jahon neft trafigining 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini bloklab qo‘ydi.
Eronda ko‘plab yuqori martabali mulozimlar va harbiylar, jumladan, mamlakat Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Uning lavozimini o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy egalladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish niyatidan xavotirda ekani, ular bunday kelishuv oqibatida mintaqada g‘azabnok va hamon qudratli raqib bilan yuzma-yuz qolishdan qo‘rqayotgani va harbiy harakatlarni davom ettirishni talab qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi