Flydubai uchuvchisi samolyotni yo‘lovchilar terminaliga urmoqchi bo‘lgan – Bosh prokuror

Olam

−

image

Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan va favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan Flydubai aviakompaniyasi samolyotining ikkinchi piloti egallab olingan laynerni Ben-Gurion nomidagi aeroportning yo‘lovchilar terminaliga borib urishni rejalashtirgan. Bu haqda kecha, 9 oktyabr kuni tergov ma’lumotlariga tayanib, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh prokurori Hamad Saif Al-Shamsi ma’lum qildi.

Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, 29 yoshli Ummon fuqarosi AQSHda 2001 yil 11 sentyabrda sodir etilgan teraktlarni namuna sifatida olib, terakt sodir etmoqchi bo‘lgan. Qo‘lga olingan pilot tergovchilarga hujumga yakka o‘zi tayyorlangani va imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirishni maqsad qilganini ma’lum qilgan.

Teraktga tayyorgarlik ko‘rish doirasida gumonlanuvchi yo‘nalish va aeroport bilan tanishish uchun Tel-Avivga ikki marta reys amalga oshirgan. Al-Shamsining aytishicha, erkak Flydubai aviakompaniyasida ish boshlashdan oldin barcha zarur xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tgan, uchuvchilik litsenziyasi va sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma taqdim etgan.

“Tekshiruv jarayonlarining hech biri unda ekstremistik qarashlar yoki terakt sodir etish niyatlari mavjudligi alomatlarini aniqlamagan”, deydi BAA Bosh prokurori.

Flydubai samolyotini egallab olishga urinish

Joriy yilning 30 sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti uni egallab olishga urinish haqidagi signaldan so‘ng Saudiya Arabistonining Tabuk shahri aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgandi. Bunga uchuvchilar kabinasidagi mushtalashuv sabab bo‘lgan. Mushtalashuv davomida samolyot bor-yo‘g‘i 29 soniya ichida balandlikni 9410 metrdan 5105 metrgacha keskin yo‘qotgan.

Boeing 737 MAX 8 bortida 174 kishi, jumladan, 27 nafar bola bo‘lgan, ularning aksariyati Isroil fuqarolari. Ba’zi yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga pilotlar kabinasidan baqir-chaqir eshitilgan, keyin kabina eshigi keng ochilib ketgan va ular bir pilotning jarohatlanganini, kiyimlari qonga belanganini ko‘rgan. Unga birinchi yordam ko‘rsatilgan, yo‘lovchilardan biri shifokor bo‘lib chiqqan. Ekipaj a’zolari va reys yo‘lovchilari hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Reys uchuvchisi jarohatlar bilan Saudiya Arabistonida shifoxonaga yotqizilgan Hindiston fuqarosi Smit Machchxar bo‘lgan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan videoaloqa orqali muloqotda u hujumdan so‘ng samolyot balandlikni jadal yo‘qotayotganini va vaqt deyarli qolmaganini tushunganini aytib bergan.

“Men polda jarohatlanib yotardim, lekin o‘zimga so‘nggi harakatni qilib, eshikni ichkaridan ochishim kerakligini aytdim. Emaklab borishga harakat qila boshladim. Eshik juda yaqin edi. Uni ochishga muvaffaq bo‘ldim va boshqa odamlar kirib kelishdi”, deydi u.

Modi uchuvchining harakatlarini ko‘pchilikning hayotini saqlab qolgan mardlik, iroda va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatining namoyon bo‘lishi deb atagan.

“The Telegraph” ma’lumotlariga ko‘ra, hujum paytida Machchxar bo‘ynidan og‘ir jarohat olgan, uning chap qo‘li esa deyarli kesilib ketgan edi. Shifoxonadan e’lon qilingan kadrlarda uning boshi va qo‘llarida bog‘lamlarni ko‘rish mumkin. Guvohlarning aytishicha, hujumdan so‘ng uchuvchi ko‘p qon yo‘qotib, asta-sekin hushidan ketgan. Unga yo‘lovchilardan biri, stomatolog Shota Musayev yordam ko‘rsatgan.

Saudiya Arabistoniga qo‘nishni aviahalokatning oldini olgan holda, bortda yo‘lovchi sifatida ketayotgan boshqa ikki uchuvchi amalga oshirgan. CNN telekanalining aniqlik kiritishicha, samolyotni keyingi reysni bajarishi kerak bo‘lgan ikki nafar “zahiradagi pilot” qo‘ndirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing