Eron Isroil uchun eng katta xavf – Isroil Bosh vaziri
Olam
−
06 fevral 2022 12566 1 daqiqa
Eron va uning yadroviy dasturi Isroil uchun eng katta xavfni tug‘diradi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet Vazirlar Mahkamasida milliy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, u, Venada Eron bilan o‘tkazilgan yadro qurolini saqlash borasidagi muzokaralar haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
“Eron Isroil uchun eng katta xavfni tug‘diradi. Eron yadro dasturi muntazam ravishda Isroil hukumati nazorati ostida. Albatta, biz dastur doirasida Venada olib borilgan muzokaralar natijasini kuzatib boramiz”, degan davlat rahbari.
Bennetning ta’kidlashicha, Venadagi kelishuv Eronning yadroviy quroldan foydalanish imkoniyatini keskin cheklaydi.
“Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv barqarorlik darajasini oshiradi, deb hisoblaganlar adashadi. Bu faqat uranni boyitish jarayonini vaqtincha kechiktiradi, xolos. Ammo biz, mintaqadagi barchamiz, buning uchun katta, nomutanosib tovon to‘laymiz”, deya ta’kidlagan Isroil Bosh vaziri.
Bennetning bildirishicha, Eron yadroviy dasturiga qarshi Isroil o‘z qudratini oshirmoqda va bu kerak bo‘lsa, o‘nlab yillar mobaynida davom ettiriladi.
“Isroil har qanday holatda ham kelishuv bilanmi yoki usiz, Eron yadroviy dasturiga qarshi harakatlarini saqlab qoladi”, degan Bosh vazir.
Live
Barchasi