Erkak bog‘chaga hujum qilib, bolalarni pichoqladi. Qurbonlar bor
Olam
−
02 aprel 16029 2 daqiqa
Kecha, 1 aprel kuni Uganda poytaxti Kampala shahridagi bolalar bog‘chasida noma’lum erkak tomonidan terroristik hujum sodir etildi. Bu haqda Kampala shahri politsiyasiga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, noma’lum shaxs Kampaladagi bolalar bog‘chasiga tig‘li vositalar bilan kirishga muvaffaq bo‘lgan. Erkak qo‘lidagi pichoq bilan bolalar va bog‘cha xodimiga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Hodisa oqibatida 4 bola badaniga bir necha marotaba pichoq urilishi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan. Shuningdek, o‘nga yaqin bolalar og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Guvohlarning aytishicha, erkak o‘zini juda g‘alati tutgan va bog‘cha xodimlariga o‘zini bolalardan birining otasi sifatida tanishtirgan. Terrorchi xodimlarni chalg‘itib, bog‘chadagi bolalar turgan xonaga kirib olgan va xonani ichidan qulflab, qurbonlariga hujum qilgan. Qotil o‘z qilmishini sodir etganidan so‘ng derazani ochib qochmoqchi bo‘lgan. Ammo bog‘cha yaqinidagi cherkovga yetganda qo‘riqchi tomonidan qo‘lga olingan va mahalliy politsiyaga topshirilgan.
Kampala shahri politsiyasi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida hodisa yuzasidan post qoldirgan.
“Mudxish hodisani sodir etgan qotil qo‘lga olindi. Voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda. Politsiya qotil munosib jazo olishiga kafolat beradi”, deyiladi xabarda.
Erkakning shaxsi va bog‘chaga hujum qilish sabablari hali ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinaning Santa-Fe provinsiyasidagi kichik San-Kristobal shaharchasidagi maktablardan birida otishma sodir bo‘lgandi. Oqibatda 1 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi