Erdo‘g‘an Zelenskiy bilan suhbatda yana Putinga qarshi gapirdi

Olam

image

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 2 noyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar navbatdagi suhbatda Rossiya-Ukraina urushidagi so‘nggi o‘zgarishlarni muhokama qilgan. Bu haqda Turkiya rahbari ma’muriyatining Aloqa boshqarmasi xabar berdi.  

Uchrashuvda Prezident Erdo‘g‘an, g‘alla tashishdagi muammoni hamkorlikda hal qilganliklaridan mamnunligini bildirgan.

Ukrainaning ham, Rossiyaning ham don mahsulotlarini sotish qobiliyati butun dunyo uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan Turkiya yetakchisi, g‘alla jo‘natish kelishuvining davom ettirilishining ahamiyatini urg‘ulagan. 

Shuningdek, u, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini to‘liq tiklaydigan tushuncha asosida urushning adolatli yechim bilan tugatilishi uchun diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirish kerakligini bildirgan. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Twitter ijtimoiy tarmog‘ida post e’lon qilib,  Erdo‘g‘anga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. 

“Men Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anga g‘alla kelishuvini saqlashdagi faol ishtiroki, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdim. Biz ukrainalik harbiy asirlar va siyosiy mahbuslarni qaytarish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildik. Turkiyaning yordamiga to‘liq ishonaman”, deb yozgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini ta’kidamoqda.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

124

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing