Endi O‘zbekistonda yopiq sud ma’lumotlarini oshkor etish jinoyat hisoblanadi
Jamiyat
−
26 Sentabr 2025 2939 1 daqiqa
O‘zbekistonda yopiq sud majlisi ma’lumotlarini oshkor etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu haqda bugun, 26 sentyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonunda so‘z boradi.
Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumot hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan ularni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ishni yopiq sud majlisida ko‘rish uchun asoslar mavjud bo‘lganda sud ishni yopiq sud majlisida ko‘rish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Ajrim chiqarilganda yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi ma’lumotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinadi.
Tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun Jinoyat kodeksining 239-moddasiga (Surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini oshkor qilish) muvofiq javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettiriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.