Daniya fermalaridagi barcha qorako‘zanlar yo‘q qilinadi
Olam
−
05 noyabr 2020
11789Daniya hukumati mamlakatda 1139 ta fermer xo‘jaligida 17 million donagacha qorako‘zanni yo‘q qilishga qaror qildi. Chunki hayvonlarda odamlarga yuqishi mumkin bo‘lgan SARS-CoV-2 koronavirusining mutatsiyasi aniqlangan. Bu haqda Bosh vazir Mette Frederiksen ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda “VVS News”.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, mutatsiyaga uchragan koronavirus Yutlandiyaning beshta fermasidan topilgan. 12 kishi uni yuqtirib olgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu mutatsiya organizmning ushbu virusga qarshi antitanachalar ishlab chiqarish qobiliyatini pasaytiradi.
Mette Frederiksen vaziyatni "juda jiddiy", deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning o‘z xalqi oldida katta mas’uliyati bor. Ammo aniqlangan mutatsiya hisobga olinsa, butun dunyo oldidagi mas’uliyat yanada oshadi.
Ma’lumot o‘rnida, Daniya qorako‘zan mo‘ynasi yetishtirish bo‘yicha Yevropada yetakchi mamlakat hisoblanadi. Shu sabab oziq-ovqat va baliqchilik vaziri Mogens Yensen fermerlarga davlat tomonidan yordam berishni va’da qildi.
Mamlakatdagi 200 dan ortiq fermer xo‘jaligida koronavirus allaqachon aniqlangan, ulardan 67 tasida barcha hayvonlar yo‘q qilingan. Iyun oyi boshida Niderlandiya hukumati xuddi shu qarorni mamlakatdagi qorko‘zan xo‘jaliklarida koronavirus infeksiyasi paydo bo‘lganidan keyin qabul qilgan edi.