Bo‘stonliq va Zominda yangi dor yo‘llari quriladi

Jamiyat

image

Avstriyaning Doppelmayr kompaniyasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq va Jizzax viloyatining Zomin tumanlarida dor yo‘li quradi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Avstriyaning Doppelmayr kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha direktori Valeriy Yashin bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonda tog‘-dor yo‘llarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

Joriy yilning 25 noyabr kuni Doppelmayr’ning texnik mutaxassislari Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida bo‘lib, joylarda dor yo‘llarini qurish imkoniyatlarini o‘rganishdi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, Zominda ikkita gondol-kreslo tipidagi dor yo‘li hamda tog‘-chang‘i trassalariga xizmat ko‘rsatish uchun uchta ko‘taruvchi moslama quriladi. 

“Amirsoy”da ham qo‘shimcha ravishda gondol turdagi dor yo‘li hamda tog‘-chang‘i trassalariga xizmat ko‘rsatuvchi bir necha ko‘taruvchi moslama qurish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, yana ikkita manzarali dor yo‘lini qurish ko‘zda tutilgan. 

O‘rganish ishlari doirasida ushbu jarayonlarni tezlashtirishga oid muzokaralar o‘tkazildi. Doppelmayr’ning texnik mutaxassislari joylarga chiqib, muhandislik-tadqiqot va geologik ishlarning topografik tasvirga olish ishlarini boshlashdi, ularning asosida dor yo‘llari va ko‘tarmalarning aniq joylashuv manzillari belgilanadi. 

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda, xususan, Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida dor yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolashga doir kelishuvga erishildi. 

Avstriyaning Doppelmayr kompaniyasi dor yo‘llarini qurish va ularni kreslo ko‘tarmalar va gondollar bilan jihozlashga ixtisoslashgan. Kompaniya Kitsbyuel (Avstriya), Koblens (Germaniya) va Uistler-Blekkomb (Kanada)da uch dorli 3S gondollarni ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi bo‘lgan. U shuningdek ko‘tarmalarda isituvchi kreslolar kabi qator innovatsion mahsulotlar bozorida ham faol.


Maqola muallifi

Teglar

dor yo'li

Baholaganlar

105

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar