Bir paytlar bizni ajratgan chegaralar do‘stlik ko‘prigiga aylandi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu haqda Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun, 13 noyabr kuni e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida so‘z boradi.

“Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda.

Bu – o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir. Ayni paytda bu jarayon o‘zaro ishonch muhitida tobora qizg‘in tus olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng ko‘lamdagi zaruratga aylanganidan dalolatdir”, deb yozadi Prezident.

Qayd etilishicha, hamkorlikni mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish uchun davlatlar darajasida sharoit yaratilgan. Endilikda erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga aylantirishdek strategik vazifa turibdi. Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni ta’minlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak.

Bildirishicha, nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada bo‘layotgan o‘zgarishlarning yorqin timsolidir. Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga daxldor strategik masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni sifatida shakllangan.

“Bo‘lajak Toshkent sammiti barqaror, o‘zaro bog‘liq va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi.

Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yo‘lning davomi sifatida mamlakatlarimizning o‘zaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi kerak”, deyiladi maqolada.

Prezidentning qayd etishicha, jahon tartibotining keng ko‘lamda transformatsiyaga uchrashi, global iqtisodiyotni parchalashga qaratilgan xatarlar, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarning keskinlashib borayotgani sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘lidagi intilishni kuchaytirgan. Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada jips va hamjihat bo‘lib harakat qilishni taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham bugungi kunda hamkorlikni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zaruratdir. Markaziy Osiyo barqarorlik va bunyodkorlik hududiga, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganining namunasiga aylandi.

Mirziyoyev Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yilgan 2017 yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasaganini ham qayd etgan. Mintaqa yetakchilari ko‘p yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshlagan. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka o‘tishga erishilgani urg‘ulangan.

“Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri — chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar esa do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. 2025 yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.

Mintaqa mamlakatlarining mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor o‘zaro chegaralarning barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi, o‘nlab yillar davomida keskinlik manbai bo‘lib kelgan masalaga nuqta qo‘yildi”, deyiladi maqolada.

Prezident shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumi mamlakatlarning Farg‘ona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilishining yaqqol amaliy tasdig‘i, Markaziy Osiyoda kechayotgan bunyodkorlik jarayonlarining ifodasi bo‘lganini urg‘uladi.

“Ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir.

Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv oqilona murosaga misol bo‘la oladi”, deydi Mirziyoyev.

Maqolada O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish bo‘yicha hamkorlik oldinga siljiyotgani, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ta’kidlangan. Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilashi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytirishi urg‘ulangan.

“Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Shu bilan birga, chegara tartib-taomillari va gumanitar aloqalar sohasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. 2023 yil sentyabr oyidan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ID-kartalar asosida chegaradan o‘tayotgani odamlarning erkin harakatlanish hududini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvlar ishlab chiqilmoqda. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda, chegaraoldi savdo hajmi oshmoqda, gumanitar va madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda”, deydi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing