Berdimuhamedovlarni tanqid qilgan yana bir yigit ekstraditsiya qilindi

Olam

image
Berdimuhamedovlar yana bitta “uchar saroy” buyurtma qildi north_east

Berdimuhamedovlar yana bitta “uchar saroy” buyurtma qildi

Turkmaniston iltimosiga binoan Rossiya ashxobodlik Saddam G‘ulomovni ekstraditsiya qildi. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.

Bu yigit Turkmaniston hukumati va shaxsan sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni oziq-ovqat va iqtisodiy inqiroz uchun ochiq tanqid qilganlardan biri edi. U hukumatning mamlakatda koronavirus borligini inkor etgani hamda uning oqibatlarini yashirganini keskin tanqid ostiga olgan. Mamlakat xavfsizlik idoralaridan biridagi manbaga ko‘ra, G‘ulomov 2024 yilda o‘z vatanida uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan. U va yana bir sudlangan faol qamoqxona koloniyasida noqonuniy ravishda bir kishilik kamerada saqlanmoqda.

Saddam G‘ulomov Rossiyada teatr va kinoda rollarni ijro etish orqali tirikchilik qilgan. U katta ehtimol bilan 2023 yilning oxiri yoki 2024 yilning boshida vataniga deportatsiya qilingan. Nashrga ko‘ra, G‘ulomov 2024 yilning bahorida sudlangan, biroq ayblov va hukmlar noma’lum.

Xabarda yozilishicha, faol ijtimoiy tarmoqlarda Berdimuhamedov rejimini ochiq tanqid qilib, uni diktator va o‘g‘ri deb atagan. U vatandoshlarini qo‘rqoqlikni chetga surib, Berdimuhamedovga sig‘inishni bas qilishga chaqirgan.

2020 yilda Turkmanistondagi bir qator voqealar va hukumatning javob qaytarmagani jamoatchilikning siyosatga qiziqishini uyg‘otdi. Xorijda birin-ketin siyosiy harakatlar, fuqarolik jamiyati faollari paydo bo‘la boshladi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi va odamlarni birlashishga chaqirdi.

Turkmaniston maxsus xizmatlari siyosiy va fuqarolik faolligini namoyish etganlarni diqqat bilan kuzatib bordi va pandemiyadan keyin chegaralar qayta ochilganda Berdimuhamedovning deyarli barcha tanqidchilari uylariga majburan qaytarildi. Farhod Meymanquliyev, Ravshan Qilichev, Mardon Muhamedov, Umid Qo‘ziboyev, Davron Imomov va Maqsad Boymurodov hamda yaqinda Alisher Saxatov bilan Abdulla Orusov Turkiyadan chiqarib yuborildi. Ba’zi faollar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga borib, u yerdan siyosiy boshpana so‘rashga muvaffaq bo‘ldi.

Rossiyadan chiqarib yuborilganlar bo‘yicha hozirgacha faqat ikkita holat ma’lum edi. Ulardan biri Ozod Isoqov – Berdimuhamedov rejimining tanqidchisi, 2021 yilda Moskvada g‘oyib bo‘lgan. U avvalroq xavfsizlik kuchlaridan yashiringanini da’vo qilib xabar yuborgan, keyinroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi bu odam Turkmanistonga “qaytib ketgani”ni ma’lum qilgandi. 2023 yilda vataniga deportatsiya qilingan. Malikberdi Allamurodov ismli faol esa rasmiylarni talabalar uchun valyuta konvertatsiyasi bo‘yicha qattiq cheklovlar sabab tanqid qilgan. 2021 yilda u Rossiyaning Elista shahrida vaqt o‘tkazdi. Bitta piket uyushtirdi, faollar guruhiga qo‘shildi va keyin YouTube blogini boshladi.

2023 yilning dekabr oyi boshida yigit g‘oyib bo‘ldi va 12 dekabr kuni uning oilasiga ham Rossiyadan “ketgani” haqida xabar berildi. Allamurodov keyinchalik Turkmanistonga borib, u yerda sudlangan.

Rossiyadan qaytarilganlar ro‘yxatiga endi Saddam G‘ulomov ham qo‘shildi. Nashr uning Malikberdi Allamurodov bilan umumiy rejimdagi LB-E/12 qamoqxonasida noqonuniy ravishda bir kishilik kamerada saqlanayotganini yozgan.

Faollardan biri Murat Dushemov to‘g‘ridan to‘g‘ri Turkmanistonda turib “Arqadag‘” siyosatini tanqid qildi. U 2021 yilda soxta ayblovlar bilan to‘rt yilga qamalgan va ozodlikka chiqishidan biroz avval boshqa mahbusni kaltaklaganlikda ayblanib, qamoqxona koloniyasida yana bir provokatsiyaga uchragan. Joriy yilning 16 sentyabr kuni sud uni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qildi. Ayni damda Dushemov Seydi shahridagi qattiq tartibli LB-E/11 koloniyasiga o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston Saddam G'ulomov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing