Beparvolik bahosi: quyoshda qoldirilgan suv rak chaqiradi

Salomatlik

image

Oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinmagan holatda saqlash, inson salomatligiga katta xavf tug‘diradi. Yoz oylarida bu holat yanada keskinlashadi, chunki yuqori harorat va namlik patogen mikroorganizmlarning ko‘payishi uchun qulay muhitdir. Afsuski, kundalik hayotda oddiy ko‘ringan beparvolik, masalan, iste’molga tayyor mahsulotning uzoq vaqt ochiq havoda turishi, qayta-qayta sovitilishi kabi holatlar ko‘plab kasalliklarning boshlanish nuqtasiga aylanadi. Ular orasida saratonning ham borligi vaziyatning naqadar jiddiy ekanini anglatadi.

To‘g‘ri saqlanmagan mahsulotlar zaharga aylanadi

Mutaxassislar ta’kidicha, oziq-ovqat mahsulotlarini noto‘g‘ri saqlash, bakterial, virusli yoki toksik oziq-ovqat infeksiyalarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu kasalliklar orasida eng ko‘p uchraydiganlari salmonellyoz, kampilobakterioz, listerioz, botulizm va stafilokokkli toksikozdir. Ularning har biri ma’lum bir mahsulot bilan bog‘liq bo‘lib, sanitariya qoidalariga amal qilinmagan taqdirda tezda yuzaga chiqadi. Masalan, salmonellyoz bakteriyasi tuxum, go‘sht yoki sut mahsulotlari orqali yuqadi, listeriya esa xom pishloq yoki tayyor go‘sht mahsulotlarida yashaydi. Botulizm esa uyda noto‘g‘ri tayyorlangan konserva mahsulotlarida uchraydi. Parranda go‘shti yoki xom sutdan kampilobakterioz, noto‘g‘ri saqlangan pishiriq va salatlardan esa stafilokokkli toksikoz yuqishi mumkin.

Ayniqsa, yoz kunlarida go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, tuxum qo‘shilgan taomlar, salatlar va sharbat kabi tez buziluvchi mahsulotlar haroratga juda sezgir bo‘lib, noto‘g‘ri sharoitda saqlansa, ularda zararli mikroflora nihoyatda tez rivojlanadi. Ustiga ustak, ba’zida mahsulot ayniganini iste’molchi ko‘z bilan aniqlay olmaydi. Oqibatda salomatlikka jiddiy zarar yetadi.

Plastik idishlar quyosh tig‘ida yanada zararli

Bugungi kunda keng tarqalgan yana bir muammo plastik idishlardagi salqin ichimliklarning noto‘g‘ri saqlanishidir. Salomatlik va strategik rivojlanish instituti yetakchi mutaxassisi Azizbek Xolmatovning QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, plastik idishlarda qadoqlanadigan ko‘plab ichimliklar namlik darajasi 75 foizdan oshmaydigan, 2-18 °C haroratda, yorug‘likdan himoyalangan holda saqlanishi lozim. Chunki quyosh nurlari ta’sirida plastik idish tarkibidan bisfenol A, formaldegid, ftalat va boshqa toksik moddalar ajralib chiqadi.

Bu moddalarning organizmga ta’siri esa asab, ovqat hazm qilish, qon aylanish, endokrin va reproduktiv tizimlarga zarar yetkazadi. Eng xavflisi – ular organizmda to‘planish xususiyatiga ega.

“Shuningdek, bunday moddalar miya va reproduktiv tizimda to‘planib, organizm uchun muhim bo‘lgan oqsil va yog‘ almashinuvini buzadi. Bu holat hatto saraton kasalliklarining rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deydi Azizbek Xolmatov.

Plastik idishdagi gazli va rangli ichimliklar yana shuning uchun xavfliki, ular sun’iy bo‘yoq, konservant va ta’m beruvchilar bilan to‘ldirilgan. Ular quyosh nuri ta’sirida kimyoviy o‘zgarishga uchrab, inson organizmida allergik reaksiyalar, jigar va buyrak faoliyatida muammolar, bolalarda esa diqqat yetishmovchiligi kabi asoratlarni keltirib chiqaradi.

Xitoyning Jinan universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotda quyosh tig‘ida qoldirilgan olti turdagi plastik suv idishlaridan ajralib chiqadigan uchuvchan organik birikma (VOC)lar tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, idishlarning barchasidan alkanlar, alkenlar, spirtlar, aldegidlar va kislotalardan iborat murakkab VOC aralashmasi ajralgan, shuningdek, turli qadoqlarda bu birikmalar miqdori va tarkibi sezilarli darajada farqlangan.

Ayniqsa, saraton chaqiruvchi toksik birikmalar aniqlangani sog‘liq uchun jiddiy xavflarni ko‘rsatadi. Plastik idishlar quyoshda uzoq vaqt saqlangani sari VOClar miqdori ortadi, bu esa vaqt o‘tishi bilan sog‘liqqa bo‘lgan kumulyativ xavfni kuchaytiradi.

Tadqiqot rahbari doktor Xuaz Ou shunday deydi:

“Tadqiqotimiz plastik qadoqlar quyosh nurida qolganida sog‘liq uchun xavfli toksik birikmalar ajralib chiqishini aniq isbotlaydi”.

Ammo muammoni yana ham qat’iylashtiruvchi bir holat mavjud, gap shundaki, quyosh tig‘ida bir necha soat, hatto sutkalab qolib ketgan ichimliklar sovutgichda qayta sovitilib, sotilmoqda. Bu esa xaridorda go‘yoki “hammasi joyida” degan tasavvurni uyg‘otadi. Biroq shunchaki sovitish muammoni bartaraf etmaydi. Omborxonasi mavjud bo‘lmagan ko‘cha-ko‘ydagi do‘konlar mahsulotlarni hech qanday tashvishsiz tashqarida qoldiradi va navbati bilan sovutgichga joylaydi. Iste’molchilar ham bunga deyarli e’tibor bermaydi, aslida esa bunday shoxobchalarga duch kelganda ularni aylanib o‘tish lozim.

“Soatlab quyosh ostida turgan ichimliklar keyin muzlatkichda sovitilsa ham tarkibidagi zararli moddalar saqlanib qolaveradi. Xaridor esa bu mahsulot ilgari qizib ketganini bilmasligi mumkin. Bu esa bexavotir ichishga sabab bo‘ladi. Aslida esa plastik idishdagi ichimlik yuqori haroratda bir marta qizigan bo‘lsa, u toksik birikmalar bilan allaqachon boyigan bo‘lishi mumkin”, deydi Azizbek Xolmatov.

Mutaxassislar mahsulotlar ayniqsa, ichimliklarning saqlangan sharoitini bilish imkoni mavjud bo‘lmagani uchun plastik emas, shisha idishda qadoqlangan ichimliklarni sotib olishni tavsiya qiladi.

Har kuni qanday sharoitda saqlangani bizga noma’lum bo‘lgan turli oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarni sotib olishimizga to‘g‘ri keladi. Ba’zida eng sinchkov xaridor ham adashishi, allaqachon zararlangan mahsulotni sotib olib, iste’mol qilib qo‘yishi hech gap emas. Bunday paytda odatda 2-6 soat ichida kishida qorin og‘rig‘i, ich ketishi, qayt qilish yoki ko‘ngil aynishi, isitma va bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, shunday holatlarda vaqtincha ovqatlanishdan tiyilish, shifokor maslahatisiz hech qanday dori vositalarini qabul qilmaslik, vaziyat taqozo qilganida esa tez yordamga murojaat qilish kerak.


Maqola muallifi

Teglar

sanitariya-gigiena oziq-ovqat infektsiyalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing