Bayden Shavkat Mirziyoyevga xat yozdi
Olam
−
22 mart 2022 77468 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Robinett Bayden O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni va mamlakatni ko‘p millatli xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklab, maktub yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Hurmatli Prezident janoblari! Sizga va O‘zbekiston xalqiga Navro‘z baxtli va farovon bo‘lishini tilayman. Bu barcha uchun tinchlik va yangilanish bayramidir, joriy yil esa mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlayotgani bilan alohida ahamiyatlidir”, deb yozadi so‘zlari avvalida Bayden.
Amerika rahbari, shuningdek, Oq uy rasmiy Toshkent bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan umidvor ekanini alohida urg‘ulagan.
“Mening ma’muriyatim pandemiyaga qarshi kurash, strategik sherikligimizni chuqurlashtirish va xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi muvaffaqiyatli sa’y-harakatlarimizni davom ettirish uchun kelgusi yilda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan umidvor. Mamlakatingizni Amerika investitsiyalari uchun jozibador qilishiga yordam bergan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz.
Shuningdek, Siz bilan C5+1 jarayoni doirasida umumiy mintaqaviy maqsadlarimiz yo‘lidagi ishlarimizni davom ettirishga intilamiz”, deyiladi maktubda.
Qayd etilishicha, bahor, tabiat uyg‘onishi va yangilanish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.
Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida Yangi O‘zbekistondagi mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohot va yangilanishlarda erishilayotgan katta yutuq va muvaffaqiyatlarni, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi izchil mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etgan.
Mirziyoyevga AQSH Prezidenti Jo Baydendan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziriy va boshqalar tabrik yo‘llagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr