“Barselona” prezidentiga nisbatan firibgarlik bo‘yicha tergov boshlandi

Sport

image

Barselona Apellyatsiya sudi “Barselona” klubi prezidenti Joan Laporta, uning o‘rinbosari Rafael Yuste, iqtisodchi Xaver Sala-i-Martin va “Reus Deportiu” klubi sobiq rahbari Joan Oliverga nisbatan 100 ming yevrolik firibgarlik ishi bo‘yicha tergov boshlashni buyurdi. Bu haqda “Sport” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir ayol bank maslahatchisi orqali ayblanuvchilarga tegishli kompaniyalarga 120 ming yevro sarmoya kiritgan, ammo va’da qilingan 6 foizlik daromadni ham, to‘liq kapitalni ham qaytara olmagan. U faqat 20 ming yevro olganini bildirgan.

Avvaliga sudya ushbu shikoyatni rad etgan edi, ammo Apellyatsiya sudi rad etish “shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan”ini ta’kidlab, ishni qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. Sud qaroriga ko‘ra, taklif qilingan sarmoyalar shaffof bo‘lmagan, kompaniyalar likvidlik muammosiga ega bo‘lgan va sarmoyadorning ishonchi asosan Laporta va boshqa rahbarlarning obro‘siga tayangan.

Bu Laporta nomiga kiritilgan ilk shikoyat emas. U ilgari CSSB LIMITED kompaniyasi bilan bog‘liq bir nechta investitsiya mojarolarida ham ayblangan. Ayrim sarmoyadorlar yillik 6-7 foizlik daromad va’dasi bilan pul berib, na foyda, na mablag‘larini qaytarib olganini bildirgan.

Yangi ish bo‘yicha sarmoya “Reus Deportiu” klubini yuqori ligaga olib chiqish va Xitoyda “La Masiya” modeli asosida futbol akademiyasini qurish loyihalariga yo‘naltirilgan. Ayblovlarga ko‘ra, bu loyihalarda Laporta, Yuste, Sala-i-Martin va Oliverning o‘zi bevosita ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyaning “Barselona” jamoasi sobiq afsonasi Andres Inesta Peru prokuraturasi tomonidan firibgarlik ishi doirasida tergov ostiga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik tergov “Barselona” Joan Laporta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing