Antalyada 267 yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi (video)

Olam

image

Kecha, 11 iyun kuni sayyohlarni Turkiyaning Istanbul shahridan Antalyaga olib borgan samolyot aeroportda radar ustuniga borib urildi. Bu haqda “Akdeniz Manset” xabar berdi.

Gazetaning xabar berishicha, Antalya aeroportiga qo‘nayotgan samolyot noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab turish joyida ustunga borib urilgan. Zarba aeroport faoliyatida qisqa muddatli uzilishlarni keltirib chiqargan, hodisa joyiga tibbiyot va aeroport brigadalari yuborilgan.

“Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari jabrlanmagan. Samolyot va u borib urilgan ustunga moddiy zarar yetgan. Hodisa yuzasidan tegishli organlar tomonidan surishtiruv ishlari boshlandi, avariyaning aniq sababi texnik ekspertizalar yakunlanganidan keyin aniqlanadi”, deyiladi xabarda.

“Turkish Airlines” aviakompaniyasining ma’lum qilishicha, samolyot bortida 267 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning barchasi evakuatsiya qilingan. Hodisadan so‘ng tarmoqda samolyot salonidan olingan kadrlar paydo bo‘ldi. Ularda to‘qnashuv lahzasida salon ichida sarosima yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Ba’zi ayollar baland ovozda yig‘lagan, salonda esa kislorod niqoblari osilib turibdi.

“Samolyotning qaysidir qismi uzilib ketdi. Ayollar vahimaga tushishyapti”, deydi yo‘lovchilardan biri.

Uning aytishicha, yo‘lovchilarni zarba ovozi va samolyotning uchib ketgan bo‘laklari juda qattiq qo‘rqitib yuborgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida bir nafar yo‘lovchi jarohat olgan.

“Biz yengil tan jarohati olgan yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yaxshi ekani haqida ma’lumot oldik”, deydi aviakompaniyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Yahyo Ustun.

Hozirda hodisa yuzasidan texnik tekshiruv ishlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dominikan Respublikasida Gulfstream G200 rusumli xususiy samolyot qulab, yonib ketgandi. Hodisa oqibatida ikki kishi – uchuvchi va ikkinchi uchuvchi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing