Amerikalik olimlar “Tutanhamon qarg‘ishi”ning sirini fosh qildi
Bu qiziq
−
15 may 2023 39850 2 daqiqa
“Misr fir’avnlarining qarg‘ishi” – shunday nom olgan afsona Tutanhamon qabri ochilgandan keyin yuz bergan bir necha o‘limlar tufayli paydo bo‘lgan. AQSHdagi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi olimlari ushbu “qarg‘ish” sirini fosh etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “Ifl Science” nashri xabar berdi.

Bildirilishicha, afsonaning tarqalishiga Lord Karnarvon nomi bilan mashhur bo‘lgan misrshunos olim Jorj Edvard Stenxop Molino Gerbertning vafoti sabab bo‘lgan. U arxeolog Xovard Karter bilan birga Tutanhamon qabrini ochganidan yarim yil o‘tib, o‘pkasi xastalanib, Qohirada vafot etgan.

Keyinchalik matbuotda ingliz yozuvchisi Mariya Korellining qabrlarning chaqirilmagan mehmonlarini “shafqatsiz jazo” kutayotganini ta’kidlagan iborasi, shuningdek, Karnarvonning o‘limi fir’avnning qabrini qo‘riqlaydigan “ruhlar” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan yozuvchi Artur Konan Doyl bayonotining nashr etilishi, afsonani yanada odamlar orasida shov-shuv bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, Gerbertning to‘satdan o‘limiga hech qanday “qarg‘ish” emas, balki aspergillez kasalligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ushbu xastalik qabr sharoitida uchraydigan “Aspergillus” turiga mansub zamburug‘lar tufayli paydo bo‘ladi. Aynan shu kasallik belgilari misrshunos hayotining so‘nggi oylarida qayd etilgan alomatlarga o‘xshashligi aniqlangan. Bundan tashqari, u 1923 yilda 56 yoshida vafot etgan va bu yosh o‘sha vaqtda erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligiga teng edi.

Ma’lumot uchun, Tutanhamon – Qadimgi Misrning Yangi podshohligi fir’avni XVIII sulola vakili bo‘lib, uning hukmronlik davri miloddan avvalgi 1332-1323 yillarga to‘g‘ri kelishi taxmin qilinadi.

Sevara Azimova
Live
Barchasi