Amerikalik diplomatlarga saylovlarga izoh berish taqiqlandi
Olam
−
19 iyul 2025 1323 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio butun dunyo bo‘ylab xizmat qilayotgan amerikalik diplomatlarga xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan saylovlar borasida izoh berishni taqiqladi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining ichki xabarnomasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Mazkur hujjatda Davlat departamenti endi xorijdagi saylovlar AQSHning “aniq va ishonchli tashqi siyosiy manfaatlariga” xizmat qilmasa, ular yuzasidan rasmiy bayonotlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni e’lon qilmasligi bildirilgan. Xabarnomada aytilishicha, bunday mavzularga oid bayonotlar faqat Davlat kotibining o‘zi yoki departamentning rasmiy vakili tomonidan berilishi mumkin. Shuningdek, boshqa har qanday amerikalik diplomatlarga yuqori rahbariyatning bevosita roziligisiz bu mavzuda bayonotlar berish taqiqlangan.
“Bayonotlarda muayyan davlatdagi saylov jarayonining adolatliligi yoki halolligiga, uning qonuniyligiga yoki demokratik qadriyatlariga baho berishdan tiyilish kerak”, deyiladi xabarda.
Davlat departamentining ismi oshkor etilmagan vakiliga ko‘ra, bu yondashuv AQSH ma’muriyatining “milliy suverenitetga urg‘u berishga” asoslangan yangi tashqi siyosat tamoyiliga muvofiq joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq firibgarlar sun’iy intellekt dasturiy ta’minotidan foydalanib, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio niqobi ostida yuqori martabali xorijiy diplomatlar va Amerika rasmiylari bilan bir necha bor bog‘langani haqida xabar berilgandi. Uchta Tashqi ishlar vaziri, AQSH shtatlaridan birining gubernatori va AQSH Kongressining bir qonun chiqaruvchisi firibgarlik harakatlari qurboniga aylangan.
Live
Barchasi