Amazon qamoqxonada ofis ochdi
Olam
−
22 noyabr 2023 4756 1 daqiqa
Amazon kompaniyasi Gollandiya qamoqxonasida noodatiy ofis ochdi. Bu haqda “Business Insider” nashri xabar berdi.
Gap shundaki, Amazon 100 yildan ortiq vaqt davomida qamoqxona sifatida foydalanilgan “Prison de Koepel” yoki “Garlem gumbazi qamoqxonasi”ning binosini yangi ofisiga aylantirdi.
Endi kameralar o‘rnida ish xonalari, umumiy sayr joyida oshxona va dam olish uchun maydonlar mavjud.
Binoning boshqa qismlarida esa ekskursiyalarga mo‘ljallangan hudud va talabalar uchun o‘quv binolari joylashgan.
“Biz tadbirkorlar va talabalar ishtirokida texnologik shaharcha qurmoqdamiz. Lekin siz yerto‘lada kino yoki yakshanba kuni konsert tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishingiz mumkin”, deydi yangi ofisni nazorat qiluvchi Cupola XC kompaniyasi direktori Valeri Vallenduk.
Qamoqxona gumbaz shaklidagi bino bo‘lib, markaziy maydonga qaragan bir necha qavatli kameralardan iborat. Odatiy "zona"lardan farqli o‘laroq, “de Koepel”ning qo‘riqchi minorasi gumbazning markazida emas, balki yon tomonida joylashgan.
Ma’lumot uchun, qamoqxona 1901 yilda ochilgan bo‘lib, unda 100 yildan ko‘proq vaqt davomida mahkumlar saqlangan va 2016 yilga kelib yopilgan. Shundan so‘ng qisqa muddat Garlem shahriga kelgan suriyalik muhojirlar uchun boshpana sifatida foydalanilgan.