AQSH, Yaponiya va Avstraliya Xitoyga qarshi birlashmoqchi
Olam
−
08 yanvar 2022
8378Xitoyning mintaqada oshib borayotgan qudratidan xavotirga tushgan Yaponiya va AQSH kecha, 7 yanvar kuni yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma bayonotni e’lon qildi.
Vashington va Tokio tomonidan mudofaa va tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o‘tkazilgan onlayn uchrashuv mobaynida, tomonlar Xitoyning Tayvanga nisbatan oshib borayotgan bosimini muhokama qilishgan. Yaponiya rasmiylariga ko‘ra, Tayvanga nisbatan qilingan har qanday bosim Yaponiya xavfsizligi uchun tahdid sifatida ko‘riladi.
Rasmiylar, Xitoyning xalqaro me’yorlar va qoidalarni buzishga intilishi nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda iqtisodiy, harbiy va texnologik muammolarni keltirib chiqarishiga to‘xtalishgan.
“Tomonlar mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarish uchun qilinayotgan harakatlarga qarshi birlashish, kerak bo‘lsa birgalikda javob qaytarish chorasini ko‘radi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, vazirlar Xitoy hukumatining Shinjon, Gonkong va Tayvan hududlarida inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq siyosatini qoralab, u hududlarda tinchlik o‘rnatilishi o‘ta zarurligi haqida alohida ta’kidlashgan.
Bundan tashqari, 6 yanvar kuni onlayn uchrashuv chog‘ida Yaponiya Avstraliya bilan ham mudofaa bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolashga erishgan.
Tabiiy ravishda, uch davlatning hamkorlik harakatlariga qarshi Xitoy ogohlantiruvchi bayonot bilan chiqdi.
“Biz AQSH, Yaponiya va Avstraliyaning Xitoy ichki ishlariga qo‘pol tarzda aralashuvi hamda Xitoyni qoralash, mintaqa davlatlarining hamjihatligi va o‘zaro ishonchiga putur yetkazish maqsadida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishini qattiq qoralaymiz va bunga qat’iy qarshilik qilamiz”, degan, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Van Venbin Pekindagi matbuot anjumanida.
So‘nggi paytlarda Xitoy, AQSH, KXDR va Rossiya o‘rtasida qurollanish poygasi avj olgan. Bu davlatlar gipertovushli, dunyodagi eng tezkor raketa sinovi ustida ish olib borishmoqda. Yaponiya mudofaa vaziriga ko‘ra, mintaqada qurollanish poygasi avj olgan pallada harbiy sohada yapon-amerika hamkorligini yo‘lga qo‘yish juda muhim.
“Biz barcha mavjud vositalarni, shu jumladan raketalarga qarshi mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilishimiz kerak”, deya bildirgan mudofaa vaziri Nobuo Kishi jurnalistlarga bergan intervyusida.
LiveBarchasi