AQSH osmonidagi “josus shar” mashmashasi fonida Xitoy Rossiyaga yanada yaqinlashdi

Olam

image

Xitoy bugun, 4 fevral kuni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ma Chjaoxu shu hafta mamlakatga tashrif buyurib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashganidan keyin Rossiya bilan o‘zaro siyosiy ishonch mustahkamlanganini aytdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoy Rossiya bilan strategik sheriklikni amalga oshirish va munosabatlarni yanada rivojlantirishga yordam berishga tayyor. 

Shuningdek, Xitoy TIV bayonotida vazir o‘rinbosari Ma 2-3 fevral kunlari tashrifi chog‘ida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari Andrey Rudenko va Sergey Vershinin bilan ham uchrashgani, suhbat chog‘ida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik, umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashilgani ma’lum qilingan.

Ta’kidlash joizki, Xitoy TIV bayonoti Xitoy havo shari AQSH havo hududi uzra parvoz qilgani haqidagi xabarlar tarqalib, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik kuchayganidan so‘ng yangragan. Vashington buni “ayg‘oqchi havo shari” deb ta’riflagan bo‘lsa, Xitoy buni meteorologik va boshqa ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan dirijabl ekanini ta’kidlagan. Bu shov-shuvlar fonida AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyga kecha, 3 fevral kuni boshlanishi kutilayotgan tashrifi keyinga qoldirilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining Ma tashrifi haqidagi bayonotida Rossiya qariyb bir yildan beri “harbiy operatsiya” olib borayotgan Ukraina haqida umuman so‘z bormagan. Xitoy buni qoralash yoki “bosqin” deb atashdan o‘zini tiygan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov esa 2 fevral kuni Moskvaning Xitoy bilan aloqalari chegaraga ega emasligini va rasmiy harbiy ittifoq bo‘lmasada, munosabatlar ancha kengroq xususiyatga ega ekanligini aytgan.

Ma’lumot uchun, Xitoy rahbari Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir yil avval Moskvada AQSHning ta’siriga qarshi turishga qaratilgan strategik hamkorlikni e’lon qilgan va ular hamkorlikning “taqiqlangan” sohalari bo‘lmasligini aytgan edi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing