Afg‘oniston vaziri O‘zbekistonning tuziga tupurdi. Hukumat uzr so‘rayapti
Jamiyat
−
16 iyul 50336 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vaziri Xolid Hanafiy O‘zbekiston haqida tanqidiy bayonot berib, bir vaqtlar islom sivilizatsiyasi va ilm-fanining eng muhim markazlari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Termiz shaharlarida bugun Islomning faqat nomi qolganini da’vo qildi. Bu haqda u joriy yilning 10 iyul kuni Afg‘onistonning janubiy-sharqiy viloyatlaridan kelgan ulamolar bilan uchrashuvda gapirdi.
Vazir Islom ummatiga rahbarlik qilish vazifasi ulamolar zimmasida bo‘lishi lozimligini qayd etgan va O‘zbekiston diniy ulamolarini ham tanqid qilgan. Shuningdek, “Tolibon” mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston boy islomiy merosga ega bo‘lishiga qaramay, Islomdan ancha uzoqlashgan.
Biroq Afg‘onistondagi hukumat O‘zbekiston haqidagi ushbu bayonot mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, uni keskin rad etdi. Bu haqda fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirligining Afg‘onistondagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasiga yo‘llagan raddiyasida so‘z borgan. Raddiya matni QALAMPIR.UZ’ga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etildi.
Bildirilishicha, O‘zbekistonning Qobuldagi elchixonasi ushbu xabarlar yuzasidan zudlik bilan tegishli o‘rganish ishlarini olib borgan. Bugun, 16 iyul kuni Qobuldagi O‘zbekiston elchixonasi nomiga fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirligi tomonidan raddiya murojaati kelib tushgan.
Qayd etilishicha, unda ayrim doiralar va ommaviy axborot vositalari vaqti-vaqti bilan ikki qardosh davlat o‘rtasidagi ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari muhitiga putur yetkazishga va faktlarni buzib, ularni noto‘g‘ri talqin qilish orqali o‘zlarining g‘ayrli maqsadlariga erishishga harakat qilishi ta’kidlangan.
Jumladan, raddiya murojaatida quyidagilar keltirilgan:
“Birodar O‘zbekiston bo‘yicha pozitsiyamiz aniq. Ushbu yurt islom ummatining ko‘plab buyuk ulamolari, jumladan Imom Buxoriyning muqaddas Vatanidir. Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida chuqur diniy, tarixiy, madaniy va xalqlar mushtarakligi mavjud. Biz ushbu munosabatlar va o‘xshashliklarni alohida qadrlaymiz.
Shu bois, ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston deb salbiy talqin qilingan bayonot va chiqishlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Biz bunday da’volarni qat’iyan rad etamiz va ularni faktlarni buzish, deb ataymiz”.
Shuningdek, raddiyada ikki davlat o‘rtasidagi birodarlik, o‘zaro hurmat va yaxshi munosabatlar muhiti bundan keyin ham yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirilgan.
Live
Barchasi