30 ta vazirlikni 15 taga qisqartirish islohot emas

Jamiyat

2022 yilning yakuniga yetishiga atigi bir kun qolganida O‘zbekiston hukumatida yirik lavozim ko‘chishlari amalga oshirildi.

“Ma’muriy islohotlar”, deya atalayotgan ushbu lavozim ko‘chishlari esa ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi.

Ajablanarli tomoni shundaki, ixchamlashtirilayotgan vazirliklar tepasiga yangi kadrlardan ko‘ra ko‘proq “eskilar” keldi. Ayrim vazirlar esa xuddi avvalgi lavozimida yirik yutuqlarga erishib qo‘ygandek “ko‘tarildi”.

Masalan, Xalq ta’limi sohasida bir nechta islohotlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan, bir necha bor “gapidan qaytgan” Baxtiyor Saidov Tashqi ishlar vaziri lavozimini egalladi.

2023 yil uchun davlat byudjetidan sohalarga ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha hisob-kitoblarni hali oxiriga yetkazmagan Moliya vaziri Timur Ishmetov esa Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Abduqodir Toshqulov ham lavozimidan ozod etilib, Prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi.

Shuningdek, 19 bolaning “Dok-1 Maks”dan vafot etishi bo‘yicha javob berishi kerak bo‘lgan Behzod Musayev sekingina bu vazirlikdan ketib, boshqa vazirlikka – Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tayinlandi.

Xo‘sh, hukumatdagi bu o‘zgarishlarni qay darajada “islohot” deya atash mumkin?

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning amaliy tadbiqi, davlat boshqaruvi va unda parlamentning o‘rni mavzularida huquqshunos va siyosatshunos Hamid Sodiq QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashdi.

Uning aytishicha, har qaysi rahbar hokimiyatni qo‘lga kiritgandan keyin, albatta, ma’lum bir islohotlarni o‘tkazishi kerak. Shu islohotlarning markazida ma’muriy islohotlar turadi. Agar ma’muriy islohotlar mavaffaqiyatli amalga oshiriladigan bo‘lsa, barcha sohalarni isloh qilish uchun asos yaratiladi.

Ammo ma’muriy islohotlarni xohlagan payti, besh yildan keyin yoki yetti yildan keyin amalga oshirib bo‘lmaydi.

“Ma’muriy islohotlar kelgan rahbarning, siyosiy elitaning tafakkur tarzini, kimlar bilan ishlamoqchiligini, jamiyatga qanday boshqaruv tarzini taklif qilayotganini ko‘rsatadi va bu juda ham qiyin kechadi.

Islohot bu eski tizimning o‘rniga yangisini joriy qilish bilan bog‘liq jarayon. Bunda tizim murakkab elementlardan tashkil topgan jamlanma bo‘lgani uchun uni texnik tomonlama 30 ta vazirlikni 15 ta qilish bilan hal etilmaydi. Bu islohot deyilmaydi. Islohot bunday amalga oshirilmaydi”, deydi Hamid Sodiq.

Shuningdek, huquqshunos ma’muriy islohotlarning 4-5 oyda amalga oshirilishiga shubha ko‘zi bilan qarashini bildirdi.

“Men davlat siyosiy rejimlarini o‘rganadigan siyosatshunos sifatida bunga ishonmayman, aldayapsizlar, deyman. Bu qo‘lingizdan kelmaydi, imkonsiz ish, deyishim mumkin. Mana shunday murakkabliklar bor va ko‘ramiz, hukumatning qandaydir yaxshi niyatlari borga o‘xshaydi. Lekin bu ancha shubhali”, deydi u.

Jurnalistning amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar ijro etuvchi organlar tomonidan qanday hazm qilinishi bilan bog‘liq savoliga esa Hamid Sodiq quyidagicha javob qaytardi:

“Islohotlarni Prezident boshqaradi. Chunki O‘zbekistonning davlat boshqaruv shakli respublika, prezidentlik respublikasi. Prezidentlik respublikasi bo‘lganda ham superprezidentlik respublikasi. Buni ham unutmaslik kerak. Prezidentning vakolatlari misli ko‘rilmagan darajada keng. Shu sababli “islohot” so‘zi bevosita prezident bilan bog‘lanadi va bu yerda hech bir yomon narsa yo‘q. Chunki shunday boshqaruv shakli Konstitutsiyamizda ham ko‘rsatilgan.”

Bunday islohotlarning amalga oshirilishida Parlamentning o‘rni qandayligi haqidagi savolga esa u hozirgi tarkibdagi Oliy Majlisga hech qanday e’tirozi yo‘qligi, chunki O‘zbekiston Oliy Majlisidagi ayrimlar e’tirozning o‘zini tushunib yetadigan darajada emasligini aytdi.

Huquqshunos, siyosatshunos Hamid Sodiq bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing