“1984” asari hozirgi Rossiyani tasvirlaydi – Yelena Zelenskaya
Olam
−
23 Oktabr 2022 14962 2 daqiqa
Ukrainaning Birinchi xonimi Yelena Zelenskaya bugungi Rossiyada Jorj Oruellning “1984” asaridagi xayoliy holatlar bilan ko‘plab o‘xshashliklar mavjudligini aytdi. U kecha, 22 oktyabr kuni Frankfurt kitob ko‘rgazmasining jamoatchilik muhokasida shunday fikr bildirgan.
Zelenskayaning so‘zlariga ko‘ra, romanda tasvirlangan voqealar bugungi kunda Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealarga misoldir.
Shuningdek, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida hech qanday ma’no yo‘qligini aytib, Rossiyaning harakatlarini hayvoniy tajovuz deb atagan.
“Bu urushda faqat qora va oq bor, boshqa ranglar yo‘q. Biz kurashyapmiz, hayotimiz uchun kurashyapmiz”, deydi Vladimir Zelenskiyning rafiqasi.
Kitob yarmarkasida u Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning rafiqasi Elke Byudenbender bilan birgalikda ikkita loyihani taqdim etgan. Ularning “Chegara bilmas kitoblar” tashabbusi xorijdagi majburiy ko‘chirilganlarning farzandlarini ukrain tilidagi kitoblar bilan ta’minlashga qaratilgan.
"Biz ukrainalik bola onasidan uxlashdan oldin ertak o‘qishni so‘rasa, u o‘z ona tilida kitob ochishini xohlaymiz", deya tushuntirgan Ukrainaning Birinchi xonimi.
Qayd etilishicha, "Ukraina kitob javoni" loyihasi kutubxonalarda ukrain tilidagi kitoblarning paydo bo‘lishini o‘z ichiga oladi. Ushbu tashabbus 20 ta davlatda amal qiladi.
"Kimdir ukraincha kitob mavjud bo‘lmasligini xohlaydi? Xo‘sh, u shunchaki mavjud bo‘lmaydi. U dunyoning eng yaxshi kutubxonalarida paydo bo‘ladi", deydi Zelenskaya.
Qayd etish kerakki, Jorj Oruellning “1984” asarida total diktatura rejimi hukmronlik qilayotgan va davlat tashviqoti yuksak darajada rivojlangan, eshittirishlar amalda to‘xtamaydigan, siyosiy rahbariyatning harakatlariga nisbatan norozilik va shubhalar maxsus xizmatlar tomonidan qattiq jazolanadigan davlat tasvirlangan.
Shu bilan birga, asarda mamlakat boshqa davlatlar bilan urushlar olib boradi, ammo fuqarolar ushbu voqealar haqidagi barcha ma’lumotlarni faqat o‘zgarmas tarzda ma’lumot beruvchi tashviqot manbalaridan oladi.
Live
Barchasi