10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
10 iyun 2808 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs 13 dona quyma bo‘laklarda bo‘lgan, jami 10 kg 35 gr kumushni maxsus xaridorga 20,8 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu metallning umumiy qiymati 235 mln 229 ming so‘mni tashkil etadi.

Bildirilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur shaxs zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ xodimi ekani aniqlanib, ushbu MCHJda oltin va kumush mahsulotlariga qayta ishlov berilayotgani, biroq affinaj (qazib olingan ruda konsentrati yoki ikkilamchi xom ashyo tarkibidagi qimmatbaho metallarni turli kimyoviy aralashmalardan tozalab, yuqori darajadagi toza metallni ajratib olish jarayoni) faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsati yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu manzilda umumiy qiymati 3 mlrd 483 mln so‘mlik 58 kg kumush va 2,2 kg oltin borligi aniqlangan. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida 2 kilogrammga yaqin oltinni noqonuniy Dubayga olib chiqmoqchi bo‘lganlar ushlangan edi.