SSSR havasi. Rossiya O‘zbekistonni bosib olmoqchimi?

Olam

Rossiyalik yozuvchi, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surdi. Bu haqda u kecha, 20 dekabr kuni “Rossiya Segodnya” xalqaro multimedia matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Uning fikricha, bunday harakat Rossiyadagi “migrantlar muammosi”ni hal qilgan bo‘lardi. Shuningdek, Prilepin Vladimir Putinning Rossiyadagi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘llab-quvvatlagan va rossiyalik ayollar ko‘proq bola tug‘ishi kerakligini aytgan. 

“Rossiyaliklar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Bu esa begonalarning o‘zini tutishiga ta’sir qiladi”, degan Prilepin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga mehnat muhojirlari qaysi mamlakatlardan borsa, o‘sha davlatlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerak.

“Ularni rus tilini bu yerda emas, o‘z yurtida, deylik O‘zbekistonda o‘qitish kerak. Men hazillashayotganim yo‘q. Biz Sovet Ittifoqining parchalanishini rad etish mavzusini ko‘taramiz, bu bizga istalgan vaqtda “Sizning ikki million fuqarongiz bizning hududimizda ekan, biz sizning hududingizga da’vo qilamiz. Chunki ko‘pchilik allaqachon shu yerda va ular hatto bunga ovoz bergan” deyishga imkon beradi. Kiyevdagi paraddan keyin Yevrosiyo hududida biror narsa qilishni bizga kim taqiqlaydi? Hech kim”, degan Prilepin.

Matbuot anjumanida qatnashayotganlar esa uning gapini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan. Video tarmoqda e’lon qilganganidan so‘ng, Prilepinning mazkur bayonoti norozilik bilan qabul qilindi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev uning so‘zlariga munosabat bildirib, Rossiya siyosatchilari tomonidan bu kabi bayonotlar berilishi ko‘payib borayotganini aytib bu xavotirli ekanini qo‘shimcha qilgan.  

Kusherboyev o‘zbekistonliklar boshqa maqsad yo‘lida birlashmasa-da, mamlakat mustaqilligini saqlab qolish yo‘lida birlasha olishiga ishonch bildirgan.

Shuningdek, u rasmiy Kreml mamlakat va xalqlar o‘rtasida urush va adovatini qo‘zg‘ayotgan bu kabi “shovinistlar”ga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi kerakligini eslatgan. 

“Aks holda O‘zbekistonni bosib olish bu ko‘pchilik tomonidan Kremlning kelajakdagi strategik rejasi sifatida qabul qilinadi. Darvoqe, Shimoliy Koreyani raketa uchirganidan tashvishga tushadigan Tashqi ishlar vazirligimiz hech bo‘lmasa hozir uyg‘onib, bu bo‘yicha rasmiy Nota yuborishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan vazir maslahatchisi.

“Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ham bu holatga o‘z munosabatini bildirdi. U Zaxar Prilepinni bunday harakati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish)da nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qat’iy ogohlantirgan. 

“Zaxar Prilepinning “O‘zbekistonni bosib olish” tahdidi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Rus siyosatchilarining bunday qarashlari shubhasizki, O‘zbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda. 

“Birinchidan, Rus siyosatchilarining bunday qarashlari shubhasizki, O‘zbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda.

Ikkinchidan, Zaxar Prilepinni bunday harakat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qat’iy ogohlantiramiz. 

Uchinchidan, Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir”, degan Bekmurodov.

Shuningdek, u qariyb 60 ming a’zoga ega bo‘lgan Harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga e’tibor qaratishga va batamom chek qo‘yishga chaqirgan. Qolaversa, Prilepin bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining o‘zga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1 moddasiga zid chiqayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Prilepinning chiqishi o‘zbekistonlik faollar orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘lishda davom etmoqda. "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham uning fikrlariga jim qarab turolmadi chog‘i darhol o‘z munosabatini bildirdi. Dastlab "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining Telegram'dagi sahifasida e’lon qilingan ushbu munosabat birozdan so‘ng kanalda o‘chirildi.
“Siz uchun orzu sanalgan Kiyev paradini eslatganing uchun rahmat”. Abdurahmonov Prilepinning da’volariga o‘zining keskin munosabatini bildirgan. Siyosiy partiya yetakchisi Kiyevni egallash Rossiya uchun orzu ekanini ham qistirib o‘tgan. 

“Rossiyalik harbiy Zaxar Prilepinlarning borligi, ularning ayrim guruhlar isitmasini oshkor qilayotgani yaxshi. O‘rta bo‘g‘indagi harbiy a’yonning iddaosi yaqindagina shu mavzuda fikr bildirgan Rossiya Dumasi deputati janob Tolstoy fikrlarining yalang‘ochlangan shakli, aslida”, deydi Abdurahmonov. 

Uning aytishicha, hozirda globallashayotgan dunyo tahdidlari, tobora kuchliroq namoyon bo‘layotgan o‘zaro ishonch inqirozlari yurtni sevishning o‘zi kifoya emasligini ko‘rsatyapti.

“Bas shunday ekan ustuvor vazifa – har lahza shu yurt uchun jon fido qilishga tayyor bo‘lgan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagan, butun vujudi ko‘hna tariximiz, milliy qadriyatlarimiz asosida parvarishlangan avlodni tarbiyalashga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz kerak. Aks holda kutilgan maqsadga erishishimiz kechikaveradi”, deydi Mirodil Abdurahmonov.

Shuningdek, u kinoyali tarzda Prilepinga “tilimizni, mehnat migrantlari hamda hozircha siz uchun orzu sanalgan Kiyev paradini eslatib, hushyorlikka undagan”i uchun “minnatdorlik” bildirgan.

Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi bayonoti ortidan Rossiya elchisi TIVga chaqirtirildi. 
Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.

“Rossiya Federatsiyasi kabi do‘st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi”, deyiladi xabarda. 

TIV bayonotida Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, xalqlar o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.

O‘z navbatida, Oleg Malginov to‘liq mas’uliyat bilan Zaxar Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. 

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi vakili sifatida elchi Malginov "O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan"ini bildirgan.

Shuningdek, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo‘yicha izoh berishni rejalashtirayotganini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made