Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi iste’foga chiqdi
Olam
−
05 iyun 2024 13366 2 daqiqa
Hindiston Vazirlar Mahkamasi parlament quyi palatasini tarqatib yuborishni tavsiya qilganidan so‘ng, Bosh vazir Narendra Modi iste’foga chiqdi. Bu haqda bugun, 5 iyun kuni Prezident kotibiyati matbuot xizmati xabar berdi.
“Bosh vazir Narendra Modi bugun Prezident bilan uchrashdi va Vazirlar Mahkamasi bilan birga iste’foga chiqdi. Prezident iste’foni qabul qildi hamda Narendra Modiga va Vazirlar Mahkamasiga yangi hukumat ishga kirishgunga qadar ishni davom ettirishni so‘rab murojaat qildi”, deyiladi davlat rahbari kotibiyati saytida e’lon qilingan xabarda.
Hindiston parlamentiga saylovlardan so‘ng amaldagi Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqishi kerak. Ular yangi hukumat tuzilmaguncha o‘z lavozimlarida qoladi.
"Indian Express"ning yozishicha, bugun, 5 iyun kuni Hindiston Bosh vaziri hukumatning bo‘lajak tarkibini kelishish uchun koalitsiya bo‘yicha hamkorlarni mamlakat poytaxtiga yig‘di.
Hindistonda 19 apreldan buyon o‘tkazilayotgan umumiy parlament saylovlari yakunlandi. Ovozlarni sanash 4 iyun kuni yakunlandi. Ovoz berish yetti bosqichda bo‘lib o‘tdi. 968 million saylovchi ro‘yxatga olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning o‘rtacha ishtiroki taxminan 62 foizni tashkil qilgan.
Hindiston parlamenti quyi palatasidagi o‘rinlarning yarmidan ko‘prog‘ini millatchi "Bharatiya Janata" partiyasi (543 o‘rindan 279 o‘rin) boshchiligidagi Milliy demokratik alyans qo‘lga kiritdi. Muxolifat 234 o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Modi ilk bor 2014 yilda hukumat rahbari etib saylangan, 2019 yilgi saylovlarda uning partiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni 282 o‘rindan 303 o‘ringa ko‘targan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr