Avstraliyada rekord miqdorda kokain musodara qilindi

Olam

image

Avstraliya Federal politsiyasi (AFP) Sidney g‘arbidagi Londerderri hududidan 2,7 tonna kokain musodara qildi. Bu mamlakat tarixida aniqlangan eng yirik kokain partiyasi hisoblanadi. Bu haqda politsiya idorasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, narkotiklar uchta yuk konteynerining soxta poli ostidagi yashirin joylardan, plastik idishlar ichidan topilgan. Politsiyaning baholashicha, ushbu partiyaning qora bozordagi qiymati taxminan 816 million dollarni tashkil etishi mumkin, uning hajmi esa taqriban 3 million bir martalik dozaga teng.

Mazkur ish bo‘yicha 21 va 25 yoshli ikki erkak qo‘lga olingan. Ularga noqonuniy ravishda olib kirilgan giyohvandlik vositasining tijorat partiyasini saqlash ayblovi qo‘yilgan. Ushbu modda bo‘yicha maksimal jazo umrbod ozodlikdan mahrum qilishdir. Har ikki hibsga olingan shaxs qamoqda qolmoqda, navbatdagi sud majlisi joriy yilning 13 avgust kuni Penrit sudida bo‘lib o‘tadi.

Ushbu musodara operatsiyasi Avstraliyaning sharqiy qirg‘oqlarida yirik miqdordagi narkotiklarni olib kirish va tarqatishga bo‘lgan urinishlarni o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan “Operation Minjiang” tergovi doirasida amalga oshirilgan. Politsiya talqiniga ko‘ra, kokain mamlakatga Shimoliy Kvinslenddagi Midj Poynt hududi orqali olib kirilgan va keyin uyushgan jinoiy guruh ko‘rsatmasi bilan Sidneyga tashilgan.

“Operation Minjiang” doirasida politsiya jami 3 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarini, jumladan, bundan avval topilgan 178 kg kokain va 142 kg metamfetaminni musodara qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyada rekord miqdordagi – 35-40 tonna atrofida kokain musodara qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing