Oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
08 iyun 2237 2 daqiqa
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilangan.
Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta’lim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirilgan.
Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan ta’minlashga kafolat beradi.
Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining mas’uliyatini oshirish, ularning “KPI” ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta’minlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etilgan.
Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilda 8 mingdan ziyod loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi