Ukraina droni Qrimda yo‘lovchi poyezdiga hujum qildi

Olam

image

Bugun, 8 iyun kuni Ukraina droni Qrimda Moskva–Simferopol yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdiga hujum qildi. Zarba oqibatida mashinist yordamchisi halok bo‘lgan, mashinist esa yaralangan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Hodisadan so‘ng Qrimda yo‘lovchi poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Qrim rahbari Sergey Aksenovning ma’lum qilishicha, hujum paytida yo‘lovchilar orasida jabrlanganlar bo‘lmagan. Shundan so‘ng yarimorol hududidagi barcha poyezdlardagi yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.

Grand Servis Ekspress kompaniyasi Qrimdagi rejalashtirilgan yo‘lovchi poyezdlar qatnovi to‘xtatilganini e’lon qildi. Moskva–Simferopol poyezdi hamda Sankt-Peterburg–Simferopol yo‘nalishidagi ikki poyezdi yo‘lovchilari Simferopolga avtobuslarda yuborilgan.

Mahalliy OAVlarning yozishicha, hozirda Qrimni Rossiyaning materik qismi bilan bog‘lovchi yagona temiryo‘l yo‘li Kerch ko‘prigi orqali o‘tadi. Yo‘lovchilar ko‘prikkacha avtobuslarda tashilmoqda.

Shuningdek, Rossiyaning Kursk viloyatida dron hujumi oqibatida dalada ishlayotgan ikki nafar traktorchi halok bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa 7 iyun kechasidan 8 iyun tongigacha Rossiya hududi va anneksiya qilingan Qrim osmonida 310 ta Ukraina droni urib tushirilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatiga hujum qilgandi. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko esa hudud ustida 141 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilganini ma’lum qilgan. Qoldiqlar Luga, Volosovo va Lomonosov tumanlariga tushgan. Shuningdek, u Bolshaya Ijora posyolkasi hududida yong‘in chiqqanini ham bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Qrim yo'lovchi poezd dron hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing