Dunyoni global haroratning yangi rekordi kutmoqda – prognoz

Bu qiziq

image

Yaqin besh yil ichida o‘rtacha global harorat rekord darajada yoki unga yaqin ko‘rsatkichda ko‘tarilish ehtimoli juda yuqori. Shu bilan birga, Arktikadagi harorat anomaliyalari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) yangi hisobotida so‘z boradi.

Ushbu hisobotda 13 ta turli institutlar tomonidan tayyorlangan prognozlar umumlashtirilgan. Shuningdek, unda so‘nggi besh yildagi iqlim ma’lumotlari tahlil qilingan hamda yaqin besh yil uchun harorat va yog‘ingarchilik bo‘yicha mintaqaviy prognozlar keltirilgan.

2026-2030 yillarda yillik o‘rtacha global yer yuzi harorati sanoatgacha bo‘lgan davrdagi (1850–1900 yillar) o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,3-1,9 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. 2026 va 2030 yillar oralig‘idagi yillardan biri 2024 yildagidan ham issiqroq bo‘lishi va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yilga aylanishi ehtimoli 86 foizni tashkil etadi.

Shuningdek, 2026-2030 yillardagi besh yillik davrning o‘rtacha ko‘rsatkichi 1850–1900 yillardagi qiymatdan 1,5 darajaga yuqori bo‘lishi ehtimoli ham katta.

Biroq harorat 1850-1900 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 darajadan ko‘proqqa oshib ketmasligi mumkin. Ekspertlar, shuningdek, ayniqsa 2027 va 2028 yillarda El-Nino (Tinch okeani yuzasidagi suv haroratining ko‘tarilishi) hodisasi rivojlanishini prognoz qilmoqda.

“2026 yilning oxiriga borib El-Nino hodisasi kutilmoqda. Bu keyingi, ya’ni 2027 yilning navbatdagi rekord darajada issiq yilga aylanish ehtimolini oshiradi”, dedi hisobotning bosh muallifi Leon Xermanson.

Parij iqlim kelishuvida belgilangan 1,5 °C (va 2 °C) lik chegara uzoq muddatli – odatda 20 yil davomidagi global isishga tegishlidir. Ayrim yillarda global o‘rtacha haroratning vaqtinchalik ushbu ko‘rsatkichlardan oshib ketishi Parij kelishuvida mustahkamlab qo‘yilgan uzoq muddatli maqsadlarga erishib bo‘lmaydi degani emas.

Prognozlarga ko‘ra, Shimoliy yarim shardagi keyingi besh qish mavsumida (noyabr — mart) Arktikadagi harorat 1991–2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 2,8 darajaga yuqori bo‘ladi, bu esa o‘sha davrdagi o‘rtacha global haroratdan 3,5 baravar ko‘pdir.

2026-2035 yillarning mart oylari uchun Arktika dengiz muzlari holati bo‘yicha prognozlar Barens, Bering va Oxota dengizlarida muz qatlami konsentratsiyasining yanada qisqarishidan dalolat bermoqda.

Yog‘ingarchilik prognozlari shuni ko‘rsatadiki, Shimoliy yarim sharda keyingi besh qish mavsumi davomida odatdagidan ko‘ra seryog‘inroq ob-havo kuzatiladi. Saxel (Afrika), Shimoliy Yevropa, Alyaska va Sibirda esa, aksincha, seryog‘in ob-havo yoz mavsumiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer sayyorasi eng yirik iqlim falokatiga duch kelishi ehtimoli borligi – olimlar bundan 150 yil avval o‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan yangi El-Nino siklini kutayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim ekologiya global harorat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing