Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ovozi ko‘chasiga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 23 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, turizm kam mablag‘ evaziga ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadlarini oshirib, hududlar qiyofasini yaxshilaydigan muhim sohadir. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar katta.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida mazkur salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston ovozi ko‘chasida olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasi bo‘lgan.

Mazkur loyiha davlat rahbarining 2022 yil 30 aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan. Ob’ekt 2025 yil sentyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.

Ko‘chaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bog‘ faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlat rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, zamonaviy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar bilan samimiy suhbatlashgan.

Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chada jami 165 ta savdo ob’ekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik sub’ekti uzluksiz ishlash tartibiga o‘tgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Prezidentga shu yerning o‘zida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berilgan.

Qayd etilishicha, 2025 yilda poytaxtda jami 26 ta ko‘cha tun-u kun faoliyat yuritishga o‘tgan. Bu yo‘nalishga 540 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis ob’ekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik sub’ekti 24/7 rejimida ishlashni boshlagan, 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘chalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini tashkil etish, 500 ta yangi ob’ektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish o‘rni yaratish rejalari haqida ma’lumot berilgan.

Prezident Mirzo Ulug‘bek tumanida gastronomik turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug'bek O'zbekiston ovozi ko'chasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing